Bugun, poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy memorial muzeyida adib xotirasiga bagʻishlab “Abdulla Qodiriy – oʻzbek adabiyoti xazinasidan” mavzusida adabiy-badiiy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda vazirlik va idoralar rahbarlari, taniqli fan, sanʼat, madaniyat arboblari, oliy va oʻrta maxsus taʼlim  muassaslari rektorlari, talaba va oʻquvchilar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan  atoqli adib Abdulla Qodiriy porloq xotirasiga eʼzoz-ehtirom bildirildi, hayoti va ijodi yodga olindi, XX asr yangi oʻzbek adabiyotining ulkan namoyandasi, oʻzbek romanchiligining asoschisi boʻlgan ulkan adib ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi. Teatr aktyorlari tomonidan Abdulla Qodiriy asarlari asosida  turli sahna koʻrinishlari, milliy raqslar namoyish etildi.

Ushbu tadbir doirasida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining iqtidorli talabalari oʻrtasida  Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bagʻishlangan syujetlar yaratish boʻyicha ijodiy tanlovga start berildi.

13-oktyabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida tanlov ishtirokchilarining “Abdulla Qodiriyning ibratli izdoshlari” deb nomlangan koʻrgazmasi ochilishi rejalashtirilgan.