Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi Samarqandda 4 yulduzli mehmonxona va savdo markazi qurilishini moliyalashtiradi

    Biznes 21 Sentabr 2020 926

    Oʻzbekiston va BAA investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda.

    Joriy yilning 20-sentyabr kuni videokonferensiya shaklida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Birlashgan Arab Amirliklarining energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazrui bilan muzokaralari boʻlib oʻtdi.

    Videokonferensiya davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalarining keng koʻlami hamda strategik sheriklikning asosiy yoʻnalishlari va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdagi oʻzaro hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

    Ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishda erishilgan muhim yutuqlar taʼkidlandi. Jumladan, ustav kapitali 1 mlrd dollarga teng boʻlgan Oʻzbekiston – BAA qoʻshma investitsiya kompaniyasi oʻz operatsion faoliyatini boshladi, Talimarjon elektrostansiyasining “Mubadala” kompaniyasi tomonidan xususiylashtirish loyihasi doirasida elektr energiyasini sotib olish boʻyicha investitsiyaviy bitimini kelishish jarayoni nihoyasiga yetmoqda, Samarqand shahrining infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda Samarqand shahrida 4 yulduzli mehmonxona va savdo markazi qurilishini moliyalashtirish uchun Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan 300 mln dollar ajratilishi maʼqullandi.

    “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda sezilarli yutuqlarga erishildi - 2020-yil yanvar oyida Navoiy viloyatida shamol elektrostansiyasini qurish loyihasi boʻyicha asosiy yuridik bitimlar imzolandi. Ushbu mintaqada 100 MVt quvvatiga ega quyosh elektrostansiyasini qurish loyihasi doirasida qurilish ishlariga tayyorgarlik ham yakunlandi. “Masdar” uning qurilishi uchun tenderda 2019-yil oktyabr oyida yutib chiqqan edi, va noyabr oyining oʻzida amirlikdagi sheriklar bilan investiyaviy bitim va elektr energiyani sotib olish boʻyicha bitim imzolandi.

    Amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining amaliy jihatlari alohida koʻrib chiqildi va ularning joriy etilishini tezlashtirish boʻyicha keyingi harakatlar belgilab olindi.

    Shuningdek, neft-kimyo, energetika, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, telekommunikatsiyalar, sogʻliqni saqlash, turizm va moliya sektorlarida yangi investitsiyaviy loyihalarni birgalikda ishlab chiqish orqali investitsiyaviy hamkorlikni va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun imkoniyatlar muhokama qilindi.

    Hamkorlikning eng istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash va aniq loyihalar va tashabbuslarning investitsiyaviy jozibadorligini tahlil qilish uchun tegishli maslahatchilarni jalb qilish maqsadida qoʻshma ishchi guruhni tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

    Shuningdek, tomonlar ilgʻor Amirliklar tajribasi va texnologiyalarini jalb qilish, shuningdek koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan qoʻshma choralarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda sogʻliqni saqlash sohasida faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar.

    Oʻzbekiston va BAA investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda.