Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Tojikistonda boʻlib turibdi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kirishgandan soʻng parlament palatalari qoʻshma sessiyasidagi ilk nutqida yaqin qoʻshnilar bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanini taʼkidlagan edi. Oradan qisqa vaqt oʻtib davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli bir daryodan suv ichuvchi qardosh oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi koʻp yillik kutilgan oʻzaro doʻstona aloqalar yangi bosqichga chiqdi.

Oʻzbekiston bilan Tojikistonni umumiy tarix, uzviy maʼnaviy qadriyatlar, qarindoshlik rishtalari bogʻlab turadi. Soʻnggi yillarda bunday yaqin aloqalar yangi maʼno-mazmun kasb etib borayotgani nafaqat mamlakatlarimiz, balki mintaqadagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirishda muhim samara bermoqda. Prezidentlarimizning uzoqni koʻzlab yuritayotgan tashqi siyosati natijasida davlatlarimiz oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik va oʻzaro doʻstona munosabatlar yana-da yuksalib, strategik sheriklik darajasiga yetdi.

Eʼtiborli jihati, 2017-yildan buyon ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida 8 marotaba ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazilgan. Qolaversa, 1991-yildan buyon ikki mamlakat parlamentlari vakillarining 20 dan ortiq oʻzaro tashrifi amalga oshirilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi bilan Tojikiston Respublikasi Majlisi Olining parlamentlararo guruhlari tuzilgan.

Oʻzbekiston – Tojikiston hamkorligining huquqiy asosini shu paytgacha imzolangan turli darajadagi 200 ga yaqin hujjat tashkil etadi. Asosiysi, bular faqatgina qogʻozda emas, balki hayotda oʻz aksini topmoqda. Xususan, oʻzaro savdo hajmi bir necha barobar ortib, oʻtgan yili 500 million dollardan oshdi. Qoʻshma korxonalar soni 8 barobar koʻpayib, 200 tadan ortdi.

Oʻzaro hamkorlik aniq amaliy mazmun kasb etayotganining yana bir yorqin misolini keltirsam. Joriy yilning 23-aprel kuni Tojikistonning Katta Hisor kanali orqali Surxondaryo viloyatiga suv oʻtkazish borasida erishilgan kelishuvga koʻra, bugungi kunda kanalni taʼmirlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Bundan Surxondaryo viloyatida suv tanqisligini yumshatish, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlariga kafolatli suv yetkazib berish maqsad qilingan.

Mazkur tashrif doirasida Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning muhim sohalarini qamrab olgan 30 dan ziyod hujjat imzolanishi rejalashtirilgan. Bularning barchasi Toshkent va Dushanbe oʻrtasidagi keng koʻlamli oʻzaro aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, “...tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga koʻchmoqda”.

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati