Bolalar, oʻsmirlar va ota-onalar uchun innovatsion axborot platformasi ishga tushirildi

    “Yaxshi narsalar interneti” deb nomlangan ushbu platforma YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, hukumat idoralari va mobil aloqa operatori bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

    Bu haqda AOKAda YUNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jofri Ijunba, SSV onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Sevara Ubaydullayeva, XTV boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Qahramon Almardonov, IIV Kiberxavfsizlik markazi masʼul xodimi Lochinbek Atoyev, YHX xizmati axborot xizmati xodimi Madina Abdujalilova ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

    “Yaxshi narsalar interneti” deb nomlangan ushbu platforma YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, hukumat idoralari va mobil aloqa operatori bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Bu veb-resursning yaratilishi bolalar, oʻsmirlar, ota-onalarning sifatli, xavfsiz, xolis va foydali axborotdan erkin foydalanishini taʼminlashda muhim qadam boʻldi.

    Platforma “Ruhiy salomatlik”, “Taʼlim”, “Sogʻliqni saqlash”, “Inson huquqlari”, “Yoʻl harakati xavfsizligi” kabi dolzarb masalalar boʻyicha zarur tushunchalarni oʻz ichiga oladi. Mazkur innovatsion loyiha internetdan foydalanish imkoniyati cheklangan, bunga sharoiti yoʻq aholi qatlami uchun keng maydon boʻlib, oʻziga xos “koʻprik” vazifasini bajaradi.

    Platformadan foydalanish mutlaqo bepul. Masalan, qaysidir oʻsmir yoshdagi yigit yoki qizning internetga kirish uchun mablagʻi yoʻq, shunday vaziyatda ular platformadagi maʼlumotlarni bemalol bepul yuklab olishi mumkin.

    Platforma oʻzbek, rus, qoraqalpoq tillarida faoliyat koʻrsatib, uning kontentini boyitish ustida bosqichma-bosqichma ishlar olib borilmoqda. Hozirga qadar unga joylashtirilgan maʼlumotlar nafaqat matn, balki infografika koʻrinishida, video formatda, oʻsmirlar tiliga yaqin tilda, qulay uslubda taqdim etilgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi ishchi guruhi, YUNISEF ekspertlari, volontyorlar yordamida platforma kontentini toʻliq oʻrganib chiqish ishlari yakuniga yetdi. Ushbu innovatsion platformadan bugundan boshlab foydalanish mumkin.