Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiyasi Xitoyga tashrif buyurdi

    Xalqaro hamkorlik 1 Mart 2024 584

    Joriy yilning 29-fevral 1-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Qashgʻar shahriga tashrif buyurdi.

    Tashrif doirasida 1-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni Partqoʻmi kotibi Ma Sinjuy bilan ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdi.

    Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi doʻstona hamda koʻp qirrali sheriklik munosabatlari yuqori darajada rivojlanib borayotgani, bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin oʻrtasidagi yaqin, samimiy va birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida taʼkidlandi.

    Joriy yilning yanvar oyida Pekin shahrida boʻlib oʻtgan Oliy darajadagi uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarning yangi davrini boshlab berdi.

    Davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.

    Shuningdek, mazkur tashrif davomida oʻtkazilgan tadbirlar, davlatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta zamin yaratdi.

    Umumiy hisobda 52 mlrd dollardan ortiq investitsiya kelishuvlariga erishilgani yuqoridagi fikrlarimiz tasdigʻidir.

    Oʻtgan 2023-yilda Oʻzbekiston-Xitoy oʻrtasida savdo koʻrsatgichlari rekord darajaga – qariyb 14 milliard dollarga yetdi.

    Yaqin kelajakda ushbu koʻrsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish uchun hali ishga solinmagan juda koʻp imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

    Oʻzaro savdo-iqtisodiy almashinuvlarni rivojlantirishda Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni muhim bogʻlovchi “darvoza” vazifasini bajaradi.

    Uchrashuvda Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash, zamonaviy texnologiya, uskunalarni import qilish hamda toʻqimachilik, mis, mineral oʻgʻitlar, qishloq xoʻjaligi va boshqa turdagi mahsulotlarni eksport qilish, transport-logistika, energetika, madaniy-gumanitar hamkorlikdagi loyihalarni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.