YEXHT DIIHB hisoboti saylovlar sohasida muloqot va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlaydi

    Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) delegatsiyasi Toshkentga amaliy tashrif buyurdi.

    Delegatsiya rahbari - 2021-yili Oʻzbekistonda oʻtgan Prezident saylovini kuzatish boʻyicha DIIHB Missiyasi rahbari Ouen Merfi. Delegatsiya tarkibidan Ovoz berishning yangi texnologiyalari boʻyicha DIIHB katta maslahatchisi Vladimir Misev, DIIHBning Saylovlar boʻyicha maslahatchilari Kseniya Dashutsina va Martina Barker-Siganikova bor.

    Tashrifdan asosiy maqsad - 2021-yili boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha DIIHBning Yakuniy hisobotini taqdim yetish hamda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish yoʻllarini muhokama qilishdan iborat

    Tashrif dasturidan Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Tashqi ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, shuningdek, Ombudsman va Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Ekologiya partiyasining rahbarlari bilan uchrashuvlar joy olgan.

    Delegatsiya joriy yil 14-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizomxodjayev bilan uchrashdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Ouen Merfi uchrashuv uchun samimiy minnatdorlik bildirar ekan, soʻnggi yillarda YEXHT DIIHB va Oʻzbekiston oʻrtasida saylovlar sohasida qaror topgan va tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorlik, xalqaro standartlarga mos ilgʻor tajribalarni joriy etishga xizmat qilayotganini taʼkidladi. Saylovdan keyingi davrda saylovni kuzatish natijalaridan soʻng DIIHB faoliyatining muhim jihatlariga eʼtibor qaratdi.

    Uchrashuvda yakuniy hisobotning taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Delegatsiya aʼzolari boʻlajak saylovlarni oʻtkazishning huquqiy asoslari va amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan Hisobotdagi tavsiyalarni bayon etar ekanlar, ushbu tavsiyalar nafaqat saylovni tashkil yetish uchun masʼul davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, balki siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati va boshqa manfaatdor tomonlar tomonidan koʻrib chiqilishi uchun moʻljallanganligini taʼkidladilar.

    Markaziy saylov komissiyasi Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda ishtirok etgani uchun YEXHT DIIHBga minnatdorlik bildirdi. Milliy saylovlarimiz tarixida birinchi marta YEXHT DIIHB, YEXHT Parlament Assambleyasi va Yevropa parlamentining birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan mazkur saylovda xalqaro saylovlarni kuzatish missiyasi tashkil etilganini taʼkidladi.

    Milliy saylov tizimi salohiyatini yanada oshirish va mustahkamlashda hamkorlik masalalari suhbatning alohida mavzusi boʻldi. Bu borada oʻzaro tajriba almashish, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish sohasidagi mavjud xalqaro normalar va amaliyotlar bilan tanishish alohida ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

    “Markaziy saylov komissiyasi, mazkur hisobotni saylovlar sohasida YEXHT DIIHB bilan muloqot va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun asos sifatida qabul qilish mumkin, deb hisoblaydi”, - dedi Z.Nizamxodjayev.

    Ushbu hisobot hajman va mazmunan gʻoyat jiddiy hujjat ekanligi qayd etildi. Ayni paytda, Markaziy saylov komissiyasida YEXHT/DIIHB tavsiyalarini oʻrganish va ushbu tavsiyalarni qoʻllash boʻyicha takliflar ishlab chiqish boʻyicha idoralararo ekspertlar guruhi faoliyat yuritmoqda. Tavsiyalarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi hujjat barcha manfaatdor idoralar bilan birgalikda ishlab chiqiladi.

    Yakuniy hujjatni oʻrganish uchun BMT Taraqqiyot dasturi, Saylov tizimlari xalqaro fondi va YEXHT Loyihalari koordinatori, xalqaro ekspertlari ham jalb qilingani taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida, Ouen Merfi saylov jarayonini yanada takomillashtirish va taklif etilgan tavsiyalarni amalga oshirishda Oʻzbekistonga texnik koʻmak koʻrsatishga DIIHB tayyor ekanligini bildirdi.

    Tomonlar ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish muhimligini taʼkidlab, saylov kampaniyalari va ularning YEXHT Saylovni kuzatish boʻyicha missiyasi tomonidan baholanishi davlatimizning demokratik saylov tizimini shakllantirish va rivojlantirishga sezilarli taʼsir koʻrsatayotganini taʼkidladilar.