Bu haqda Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–390-son, 27.12.2025-y.) qabul qilindi.
Ushbu qarorni qabul qilishning asosiy maqsadlari quyidagilarni amalga oshirish orqali Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish hisoblanadi:
- yangi ilmiy ishlanmalar soni va tijoratlashtirishdan olinadigan mablagʻlar hajmini 3 baravarga oshirish;
- ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushini 60 foizgacha oshirish;
- xorijiy mamlakatlarda faoliyat koʻrsatayotgan ilmiy diasporani Oʻzbekiston ilm-faniga reintegratsiya qilish.
Qarorga koʻra, 2026-yildan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi barcha ilmiy loyihalarning sifatini oshirish maqsadida ularni ilmiy ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha ilmiy-texnik kengashlar tarkibiga Fanlar akademiyasi taklifiga asosan hamrais nomzodi kiritiladi.
2026-yil 1-apreldan Fanlar akademiyasi oʻz tizimidagi ilmiy muassasalarda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda ilmiy xodimlar faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) va ilmiy muassasalar faoliyat samaradorligini baholash boʻyicha reyting tizimini joriy etadi.
2026-yil 1-yanvardan ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yoʻnalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamgʻarmasi tashkil etiladi.