“Ushbu yigʻilish bejizga Fargʻonada oʻtkazilmayapti. Chunki bugun barcha yoʻnalishlar boʻyicha eng koʻp tilga olingan hudud bu Fargʻona boʻlayapti.

Sababi, viloyatdagi kriminogen vaziyat achinarli holda”, dedi davlatimiz rahbari.

Kecha viloyat ichki ishlar boshligʻi lavozimidan ozod etilgan M.Joʻrayev jinoyatchilikka qarshi kurashish oʻrniga statistikani sunʼiy kamaytirish bilan shugʻullanib kelgani koʻrsatib oʻtildi.

Viloyatda jinoyatlarni roʻyxatga olmaslik orqali ularni yashirish oddiy holga aylanib qolgan.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha oʻziga yuklatilgan vazifalarga sovuqqonligi, korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻygani va mansab vakolatidan shaxsiy manfaatlarida foydalanib kelganligi uchun Qoʻqon shahar ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi va uning birinchi oʻrinbosari, Qoʻqon shahar ichki ishlar jamoat tartibini saqlash boʻlimi komandiri oʻrinbosari, Oʻzbekiston tumani ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, viloyat prokurorining ichki xavfsizlik boʻyicha yordamchisi, viloyat prokuraturasi iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boʻlimi boshligʻi, viloyat prokurorining voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha yordamchisi, Rishton tumani prokurori ishdan olindi.

Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmatiga ularning faoliyatiga qonuniy baho berib, tergov harakatlarini boshlash topshirildi.

Shuningdek, qoʻl ostidagi xodimlari hamda ichki ishlar idoralarida qonun ijrosi ustidan nazoratni susaytirib yuborgani uchun Fargʻona viloyati prokurori B.Ismoilovga hayfsan berildi.