Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida davlat byudjeti mablag'laridan qanday foydalanildi?

     Favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida 73 ta suv va sel-suv omborlari o'rganib chiqildi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo'lib o'tgan yig'ilishda Favqulodda vaziyatlar vazirligining “2020 yil davomida Davlat byudjetidan ajratilgan mablag'larning maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi to'g'risida”gi axboroti eshitildi.

    Ta'kidlanganidek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan 2020 yil davomida respublika byudjeti mablag'lari hisobidan bir qator e'tiborga molik ishlar amalga oshirilgan. Xususan, seysmologik monitoring tizimini yanada rivojlantirish maqsadida Xumson, Angren, So'x, Nanay, Ko'lquduq seysmostantsiyalarining qurilishi yakunlanib, to'liq foydalanishga topshirildi. Gidrotexnik inshootlarda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida 73 ta suv va sel-suv omborlari o'rganib chiqildi.

    Tadbirda deputatlar tomonidan Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida 2020 yilda sodir bo'lgan tabiiy va texnogen ofatlarning oqibatlarini bartaraf etishda Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilarining muhandislik, qidiruv-qutqaruv, avariya-tiklash borasidagi sa'y-harakatlari ijobiy baholandi.

    SHu bilan birga, yig'ilishda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida byudjet mablag'laridan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan vazirlikning ichki moliyaviy nazorat xizmati, Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorat departamenti hamda Harbiy prokuratura tomonidan o'tkazilgan nazorat tadbirlarining natijasi bo'yicha tayyorlangan tahliliy ma'lumotlar ham muhokama qilindi.

    Deputatlar tomonidan sohada yo'l qo'yilgan moliyaviy xato va kamchiliklar, uning kelib chiqish sabablari, yo'l qo'yilgan mavjud moliyaviy xatoliklarni bartaraf etish bo'yicha ko'rilgan choralar ham tanqidiy ko'rib chiqildi.