Qishning soʻnggi kunlari va bahorning birinchi kuni Oʻzbekiston hududi boʻyicha ob-havoning beqaror sharoiti saqlanib turadi, deb xabar berdi Oʻzgidromet matbuot xizmati.
26−29-fevral va 1-mart kunlari respublikaning koʻp viloyatlarida vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida va dushanba kuni kunduzi Buxoro, Navoiy viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi.
Ushbu kunlarda respublika boʻyicha meʼyordan 2−5 daraja past boʻlgan harorat saqlanib turadi. Havo harorati kechalari 0…-5 daraja sovuq, shimolda −5…−10 daraja sovuq, kunduz kunlari +2…+7 daraja iliq atrofida boʻladi.
Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushadi. Togʻli hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yogʻadi. Qor koʻchishi xavfi bor.
Poytaxtda dushanba kunining birinchi yarmida biroz yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻlishi mumkin.
28-fevral va 1-mart kunlari vaqti-vaqti bilan yomgʻir va qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻladi. Haftaning qolgan kunlari esa asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Harorat kechalari −1…−4 daraja sovuq, kunduz kunlari +3…+6 daraja iliq boʻladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi.