Ana shunday yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik natijasida oxirgi yillarda xotin-qizlarning orzu-intilishlari roʻyobga chiqib, intiluvchan va tashabbuskor ayollar turli sohalarda yuksak natijalarga, ulkan muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, kasanachilik uchun yaratilgan qulay sharoitlar, ayollarning qobiliyat va imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun berilayotgan keng imkoniyatlar, gender tenglikni taʼminlash borasidagi ijobiy oʻzgarishlar ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni paytda Xorazm viloyatida xalq deputatlari shahar (tuman) kengashlari deputatlarining 112 nafari, viloyat kengashi deputatlarining 17 nafari xotin-qizlardir. Xorazmlik ikki ayol Oliy Majlis Senati aʼzosi, ikki nafari Qonunchilik palatasi deputati. Shu bilan birga bir ming oʻn sakkiz nafar xotin-qiz turli rahbarlik lavozimlarida, oʻn ming uch yuz besh nafari esa tadbirkorlik sohasida samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Bu ham boʻlsa, davlatimiz rahbarining biz, ayollarga koʻrsatayotgan yuksak eʼtibori va gʻamxoʻrligining amaliy natijasidir.
Joriy yil 5-mart kuni Prezidentimizning “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror yurtimizda ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashning yangi davrini boshlab berdi.
Boisi, unda hayotning barcha jabhasida ayollarning ishtiroki va faolligini oshirish, taʼlim olishi va kasbiy koʻnikma oshirishi hamda bandligini taʼminlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, joylarda “Ayollar daftari”ni shakllantirish va xotin-qizlarning unga kiritilgan muammolari, ehtiyoj va qiziqishlarini tizimli oʻrganish, ularga zarur yechim topish borasidagi ishlarni yana-da rivojlantirishga alohida urgʻu berilgan. Bu esa, shubhasiz, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, hayotini yana-da yaxshilashga xizmat qiladi.
Jumladan, qarorga binoan Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil qilish orqali mamlakatimiz ayollarini oʻylantirayotgan muammolarni oʻrganish va ularni hal qilishning oʻziga xos yangi tizimi yaratildi.
Xorazm viloyatida qirq nafar, shahar va tumanlarda oʻn yetti nafardan jami ikki yuz oltmish bir nafar faol xotin-qizdan iborat jamoatchilik kengashlari tashkil qilindi. Endi ushbu kengashlar viloyatimizda yashaydigan xotin-qizlar bilan tizimli va samarali ish olib boradi. Eng asosiysi, zimmamizga yuklatilgan barcha vazifani talab darajasida uddalashga intilamiz.
Joriy yil 26-fevral kuni xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari “Moʻtabar ayolning izzat-ikromini joyiga qoʻymas ekanmiz, qilayotgan barcha ishlarimiz behuda”, deya taʼkidlagan edi.
Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda moʻtabar ayollarni eʼzozlash, hurmat va ehtirom koʻrsatish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topishning mutlaqo yangi tizimi shakllantirilmoqda. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ning tashkil etilishi, mahallada “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” ish olib borilayotgani, eng avvalo, xotin-qizlarning manfaatlarini yana-da kengroq himoya qilish, ularning oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashiga mustahkam zamin yaratmoqda.
Bugungacha viloyatimizda “Ayollar daftari”ni shakllantirish maqsadida 366 ming 322 nafar xotin-qiz bilan muloqotlar oʻtkazilib, 52 ming nafardan ziyod ayol ushbu daftarga kiritildi. Ularning 41 ming 859 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, 2 ming 936 nafari boquvchisini yoʻqotgan, ehtiyojmand, 2 ming 567 nafari ijtimoiy yordamga muhtoj, 244 nafari uy-joyini taʼmirlatishga muhtoj, 100 nafari noturar joylarda istiqomat qilayotgan, 215 nafari qaramogʻida nogironligi boʻlgan bolalari mavjud yolgʻiz xotin-qizlar, 1 ming 548 nafari tibbiy himoyaga, 1 ming 626 nafari huquqiy yordamga hamda 922 nafari psixologik maslahatga ehtiyojmand ayollardir.
Oʻtgan yili Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ogʻir sharoitda yashayotgan sakson nafar ayolning uy-joy sharoitini yaxshilash uchun turar joyning boshlangʻich badali toʻlab berilgan edi.
Prezidentimiz qaroriga koʻra, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi sifatida qayta tashkil etilishi belgilangan boʻlib, endi viloyatimizda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash, ularni ijtimoiy himoya qilish imkoniyati yana-da kengayadi.
Xususan, jamgʻarma har yili AT “Xalq banki”ga yuz milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarni 2021-yilda Markaziy bankning asosiy stavkasidan toʻrt foiz past stavkada, 2022-yildan boshlab esa Markaziy bankning asosiy stavkasida yoʻnaltirishi mamlakatimizdagi ehtiyojmand ayollarni qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, 2021-yilda Xorazm viloyati boʻyicha ushbu imtiyozli kreditdan 8 ming 461 nafar opa-singlimiz foydalanishi koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, qarorda maxsus jarrohlik amaliyoti oʻtkazish orqali davolanishga muhtoj hamda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarning davolanishi uchun yangi jamgʻarmaga oʻttiz milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirish koʻrsatilgan. Ushbu xushxabarni Xorazm viloyatidagi mazkur daftarlarga kiritilgan va jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezayotgan xotin-qizlar katta xursandlik bilan qabul qildi.
Oʻtgan yili pandemiya davrida davlatimiz tomonidan yurtimizdagi yuz minglab ehtiyojmand oilalarga moddiy-maʼnaviy koʻmak berildi. Qarorda 2021-yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi boʻlgan va oʻzgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish uchun sakson milliard soʻm, shuningdek, noturar joylarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarga turar joy ijarasi kompensatsiyasini toʻlash uchun oʻn bir milliard soʻm ajratilishi koʻrsatib oʻtilgan.
Qolaversa, 2021-yil mobaynida yurtimizning har bir hududida, asosan, xotin-qizlar faoliyat yuritadigan, hunarmandchilik turlariga ixtisoslashgan klasterlar faoliyati tajriba sifatida joriy etiladi.
Bugungi kunda viloyatimizda 1 ming 117 nafar ayol hunarmandchilik bilan shugʻullanadi. Biroq ochigʻini aytish kerak, ularning hammasi ham oʻz hunari ortidan koʻngildagidek daromad topayotgani yoʻq. Yangi qarorda hunarmandchilikning klaster asosida yoʻlga qoʻyilishi va bu soha bilan shugʻullanadigan xotin-qizlar safi yana-da kengayishi, shubhasiz, ularning daromadi oshishiga, hunarmandchilik mahsulotlarining jahon bozorida savdosi yana-da rivojlanishiga xizmat qiladi.
Oʻtgan yili davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz tarixida ilk bor kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarda tarbiyalanayotgan qizlar uchun oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda alohida imtiyoz berilgan edi. 2020-yili viloyatimizdan 50 nafar iqtidorli qiz ana shu imtiyoz asosida oliy oʻquv yurtlariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, bu yil ularning safi ikki barobar koʻpayishidan juda mamnun boʻldik. Boisi, Xorazmda ilm olish, kasb-hunar egallashga intiluvchi qizlar juda koʻp. Ammo turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolar tufayli aksariyat iqtidorli qizlarning bu orzusi armonga aylanib qolayotgan edi. Endi har bir qizning qalbida oliy oʻquv yurtida tahsil olishga ishtiyoq joʻsh urmoqda.
Qolaversa, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab bazaviy toʻlov-kontrakt asosida davlat oliy taʼlim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarni mahalliy byudjet hamda davlat oliy taʼlim muassasalari hisobidan oʻqitish tartibi joriy etilmoqda. Bu ham yuzlab qizlarning ilm olish, kasb egallashga ishtiyoqini oshiradi, jamiyatimizda ziyoli ayollar safi kengayishiga xizmat qiladi. Zero, ziyoli ayol ziyoli millatni tarbiyalaydi.
Umuman, ushbu tarixiy hujjatning har bir bandi mamlakatimizdagi xotin-qizlarning hayot sifatini yaxshilash, baxtli-saodatli turmush kechirishini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shunday ekan, vohamiz ayollari yaratilgan bu imkoniyatdan samarali foydalanib, buyuk Xorazmiylarning munosib izdoshi ekanini isbotlashiga, Uchinchi Renessans poydevorini qoʻyishda oʻz hissasini qoʻshishiga ishonchim komil.
Gulsara QURBONBOYEVA,
Xorazm viloyati hokimining xotin-qizlar
masalalari boʻyicha maslahatchisi,
viloyat xotin-qizlar jamoatchilik kengashi raisi