Anomal issiq, suv toshqinlari, o‘rmon yong‘inlari, muzliklar erishi, dengiz sathining ko‘tarilishi... Bunday omillar Yer sharining qator nuqtalarida o‘lim holatlari va kasalliklar soni ortishiga olib kelyapti.
JSST bu boradagi so‘nggi tahlillarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, keyingi 20 yil ichida 65 yoshdan katta insonlar o‘rtasida jazirama haroratdan vafot etish ko‘rsatkichi 70 foizga oshgan.
Bundan tashqari, toza ichimlik suvi tanqisligi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklardan o‘lim holatlarining asosiy sabablaridan biriga aylangan.
Qolaversa, havo ifloslanishi tufayli kelib chiqadigan xastaliklar har yili 7 million nafar kishini hayotdan erta olib ketmoqda.
JSST bosh direktori Tedros Gebreyesusning ma’lum qilishicha, agar vaziyat o‘nglanmasa, kelgusi o‘n yillikda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq omillar har yili 250 ming kishining umriga zomin bo‘lishi mumkin.
Chunki hozir uch milliarddan ortiq inson xuddi shunday ekologik murakkab mintaqalarda yashaydi.