JSST maymun chechagiga qarshi ikkinchi vaksinani tasdiqladi

    Uni bolalarda ham qoʻllash mumkin

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maymun chechagi (mpox) virusiga qarshi yaratilgan ikkinchi vaksinani tasdiqladi. Yaponiyaning “KM Biologics” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu emlash vositasi “LC16m8” deb nomlanadi.

    Xoʻsh, yangi vaksinaning avvalgi turdoshidan qanday farqli jihati bor?

    Qayd etilishicha, shu yil sentyabr oyida foydalanish uchun ruxsat etilgan Daniyaning “Bavarian Nordic A/S” kompaniyasiga tegishli “MVA-BN” nomli ilk emlash preparati 18 yoshdan oshganlarda qoʻllashga moʻljallangan edi.

    Yaponiyada ishlab chiqarilgan yangi vaksinani esa nafaqat kattalar, balki bir yoshdan oshgan bolalar ham favqulodda holatlarda qabul qilishi mumkin.

    JSST bayonotida aytilishicha, Yaponiya hukumati maymun chechagi epidemiyasi avj olgan Kongo Demokratik Respublikasiga ushbu vaksinadan 3 million dozasini begʻaraz yordam sifatida yetkazib berishga qaror qilgan.

    Eslatib oʻtamiz, sentyabr oyida dunyo boʻyicha mpox infeksiyasiga chalinish holatlari rekord darajaga yetib, 2763 ta yangi kasallanish holati roʻyxatga olingan edi. Aniqlangan bemorlarning asosiy qismi Afrika mintaqasi aholisi hissasiga toʻgʻri keladi.