Bunday yutuqlar yurtimizda ham keng ommalashayotgani quvonarli hol. Ularning salmogʻini yanada kengaytirish uchun zamonaviy texnologiyalar va salohiyatli kadrlar zarur. Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mazkur yoʻnalishda qatʼiy maqsad va vazifalarni belgilab olgan.

— Aholiga urologik xizmat koʻrsatish sifatini joylarda ham poytaxt darajasiga yetkazishimiz shart, — deydi markaz direktori Shuhrat Muxtarov. — Shu maqsadda Quvayt arab iqtisodiy rivojlanish fondining 3,5 million AQSH dollarilik mablagʻi hisobidan muassasamizga soʻnggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar keltirilishi rejalashtirilgan.

Markazda kam invaziv operatsiyalar ulushini 60 foizdan 70 foizga oshirish, mini-perkutan jarrohlik amaliyoti hamda angiograf yordamida yangi davolash uslublarni amaliyotga joriy etish harakatidamiz.

Salohiyatli kadrlar tayyorlash uchun simulyatsion markaz tashkil qilish — oldimizda turgan yana bir muhim vazifa. Buning natijasida kam invaziv amaliyotlarni barcha viloyatlarda keng yoʻlga qoʻyish, kadrlarga boʻlgan ehtiyojni 50 foizgacha kamaytirish imkoniyati yuzaga keladi.

“Drenajsiz hayot” dasturi ham yirik istiqbolli rejalarimizdan. Hozir mamlakatimizda 2,5 mingga yaqin kishi buyragiga drenaj (naycha) ulangan holda yashamoqda. Bemorlar tugʻma rivojlanish nuqsonlari yoki orttirilgan kasalliklar asoratlari tufayli umrbod drenaj bilan yurishga majbur boʻlishmoqda.

Ularni almashtirish uchun har bir bemorga davlat tomonidan yiliga 24 million soʻm atrofida mablagʻ sarflanadi. Naycha bilan yashash, nafaqat bemorlar, balki ular oila aʼzolarining ham hayot sifatiga taʼsir qilib, jamiyatdan ajralib qolishiga sabab boʻladi.

Hozirgi kunda markazda murakkab jarrohlik amaliyoti hisoblangan “Sunʼiy qovuq yasash” amaliyotini tatbiq qilish ishlari boshlangan. Natijada kelgusi besh yil ichida 20 foiz yurtdoshlarimiz bu muammodan xalos boʻlishlari mumkin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati