Xorazm Ma'mun akademiyasining ijtimoiy-gumanitar fanlar bo'limi arxeologlari Xorazm viloyatining Shovot tumanida joylashgan Kat qal'a arxeologik yodgorligida qazuv ishlari olib bormoqdalar. Ayni paytda yodgorliklarning g'arbiy qismida amalga oshirilayotgan izlanishlar natijasida ilk antik davr (eramizdan avvalgi IV-III asrlar) va so'nggi antik davrlar (eramizning II-IV asrlar) iga oid me'moriy inshoat qoldiqlari o'rganilmoqda.
Tadqiqotlar davomida juda ko'p ilk va so'nggi antik davrga oid sopol buyumlar, marmardan ishlangan idishcha qoldiqlari va shahar hayotining keyingi bosqichlariga doir sopol bo'laklari hamda mis uzuk ham aniqlandi.
Quyi qatlamlardan arxaik davrga xos idishlar bo'laklari ham topilgan bo'lib, ular orqali shaharning barpo etilishi bilan bog'liq yangi ma'lumotlarni bilib olish mumkin.
Ma'lumot uchun: Kat qalha (Shovot) – Shovot tumanidagi Beruniy nomli shirkat xo'jaligi Kat qishlog'i hududida joylashgan, rejalashtirilishi noto'g'ri to'g'ri burchak, umumiy hajmi 10,8 ga, qadimda ikki qatorli devor o'rab olgan bo'lib, ular o'ʼz navbatida yarim aylanali kunguralar bilan kuchaytirilgan, ular o'rtasidagi oraliq –27 m.
Yodgorlik miloddan avvalgi IV asrda qurilgan.