Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari boʻyicha belgilangan maqsadlar va 28-yanvar kuni maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar bandida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga ham qator maqsadli topshiriqlar koʻrsatib oʻtildi.
Xususan, unda maktablarda, taʼlim muassasalarida yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish, adabiyotga qiziqtirish, ular oʻrtasida mushoira kechalarini tashkil qilish, kutubxonalarni badiiy kitoblar bilan boyitib borish muhim vazifalarimizdan biri ekanligi qayd etilgan.
Ana shunday ezgu ishlarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 4-fevral kuni poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 202-sonli umumtaʼlim maktabi kutubxonasiga badiiy kitoblar topshirish marosimi oʻtkazildi. Unda ishtirok etgan maktab maʼmuriyati, pedagog-xodimlar, oʻquvchilar uyushma vakillari Shodi Otamurod, Fozil Farhodga oʻz minnatdorligini bildirdi, quvonchini izhor qildi.
Mazkur maktab kutubxonasida shu paytga qadar jami 1728ta kitob bor edi. Shundan 964 tasi badiiy adabiyotlar. Endi kutubxona fondi Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan 36 nomdagi 250 dona badiiy-adabiy kitob bilan ham boyidi.
Maʼlumki, Yozuvchilar uyushmasi bir necha yildan buyon “Kitob karvoni” loyihasi doirasida respublika boʻylab, umumtaʼlim maktablari, taʼlim dargohlarining kutubxonalariga badiiy adabiyotlar yetkazib bermoqda. Bu esa yoshlarni yangi adabiyotlar bilan tanishishlarida, kitobxonlik madaniyatini, bilim darajasini yuksalishida, ijodga boʻlgan qiziqishini ortishida muhim ahamiyatga ega. Navbatdagi tadbir ham ushbu maktab oʻquvchilarini oʻqib-oʻrganishlarida, badiiy adabiyot olami bilan hamnafas boʻlishlarida ulkan koʻprik vazifasini oʻtaydi. Bu yangi asarlar maktabning 76 nafar pedagog va 1053 nafar oʻquvchisining tafakkurini boyitishga xizmat qiladi, degan umiddamiz.
Fozil FARHOD,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati rahbari








