Ayni damda ishsiz va vaqtincha ishsiz aholi orasidan ixtiyoriy ravishda terimchilar guruhlari shakllantirilmoqda, deya xabar bermoqda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Matbuot xizmati.
Xabarda qoʻshimcha daromad olish istagida boʻlgan terimchilar Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlariga barcha shart-sharoitlar hozirlanib, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda joʻnatilmoqda.
Xabarda aytilishicha, terimchilar guruhi ishchi kuchi ortiqcha boʻlgan hududlardan terimchilarga ehtiyoj sezilayotgan viloyatlariga joʻnatilmoqda. Terilgan har bir kilogramm paxta uchun qoʻshimcha ragʻbat sifatida ustamalar oʻrnatilgani terimchilarga oʻziga xos kuch va madad bagʻishlamoqda.
Eslatib oʻtish joiz, qoʻlda terilgan har bir kilogramm paxtaga birinchi terimda 1000 soʻm, ikkinchi terimda 1400 soʻm pul toʻlanadigan boʻlsa, mamlakatimizning bir qator hududlarida qoʻshimcha ragʻbat sifatida ustamalar oʻrnatilgan. Shu jumladan, Jizzax viloyatida ham 1 kilogramm paxta uchun 200 soʻmdan ustama toʻlanadi.
Kuni kecha Namangan va Andijon viloyatlaridan terimda qatnashish istagini bildirgan yurtdoshlarimiz Namangan temir yoʻl vokzalidan poyezdlarda yoʻlga chiqdi. 723 nafar koʻngilli uchun kuniga 3 mahal issiq ovqat, ishdan tashqari vaqtlarida madaniy hordiq chiqarish dasturlari tashkil etiladi. Ishlab topilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida toʻlanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatilgan.
Oila byudjetini toʻldirish va qoʻshimcha daromad olish istagi bilan Andijon viloyatining 1055 nafar vakili ham Jizzax viloyatiga yoʻl oldi. Ular bilan ham shartnomalar tuzilmoqda. Ushbu fuqarolar Zarbdor tumanidagi “Paxtakor teks” klaster qoʻshma korxonasi tomonidan tashkil etilgan terimchilar shaharchasiga joylashtiriladi.
Eslatib oʻtamiz, tuzilayotgan ishchi guruhlar tarkibida paxtani terib olishda ishtirok etishni istagan yurtdoshlarimiz www.terim.uz saytida roʻyxatdan oʻtishi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joylardagi hududiy boʻlinmalariga murojaat etishi yoki 71 200-06-00 ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilishi mumkin.