Korruptsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik

    Joriy yilning 16 iyun` kuni Toshkent shahrida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar Korruptsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari  va Ombudsmanlarining 4-yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda a'zo davlatlar mutasaddi idoralarining 40 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

    Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti— a'zo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi bo'yicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilotdir. Mazkur nufuzli mintaqaviy birlashma 1985 yilda tashkil etilgan bo'lib, uning asosiy maqsadi savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, kommunikatsiyalar, energetika, qishloq xo'jaligi va sanoat kabi ustuvor yo'nalishlarda davlatlar o'rtasida hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

    Bugungi kunda Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga 10 ta davlat a'zo. Bular – O'zbekiston, Turkiya, eron, Pokiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Afg'oniston.

    Yig'ilishning mazmun-mohiyati a'zo davlatlar o'rtasida korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida mintaqaviy tajriba almashish, davlatlar o'rtasida yagona korruptsiyaga qarshi kurashish siyosati mexanizmini ishlab chiqish va uni amaliyotga tadbiq etishga qaratilgan. SHuningdek, xodimlar malakasini oshirish, tizimda qo'shimcha takliflar ishlab chiqish ham yig'ilishning maqsad va vazifalaridan o'rin olgan.

    Tadbirda a'zo mamlakatlarning Korruptsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari hamda ombudsmanlari amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan qonunlar va qarorlar, korruptsiyaga qarshi kurashishda ombudsmanlarining o'rni, bu jarayonda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari haqida ma'lumotlar berishdi.

    Ma'lumot o'rnida aytish lozimki, korruptsiyaga qarshi kurashish - O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan hisoblanadi. SHu nuqtai nazardan, Ombudsman davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslari tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to'g'risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirib, fuqarolarning murojaatlarini ko'rib chiqish orqali ularning huquq va erkinliklarini cheklanishiga sabab bo'lgan korruptsiyaviy holatlarni bartaraf etish bo'yicha choralar ko'radi.

    - Korruptsiya har qanday davlat va jamiyat rivojiga jiddiy salbiy ta'sir ko'rsatuvchi xavfli omil, barcha mamlakatlarga tahdid soluvchi murakkab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hodisadir, - dedi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Feruza eshmatova.- Zero, bu omil tufayli davlatning rivojlanishi sekinlashadi, demokratik institutlarga putur etadi. U qonun ustuvorligiga jiddiy ziyon etkazadi. SHu bilan birga, uning ta'siri ostida fuqarolarning ijtimoiy adolatga, haqiqatga va davlat organlariga ishonchi yo'qoladi. Har qanday jamiyat uchun ushbu jinoyatga qarshi kurashish eng dolzarb masalalardan biridir.

    Anjumanning navbatdagi qismi Mintaqaviy markaz faoliyatini tashkil etishga bag'ishlandi. Qayd etildiki, markaz eron davlatining Tehron shahrida joylashadi va unda IHTga a'zo davlatlarning Korruptsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari hamda Ombudsmanlarining o'zaro hamkorligi muvofiqlashtiriladi. Mintaqaviy markaz davlatlarning korruptsiyaga qarshi kurashish tizimi bilan bog'liq tashkiliy masalalariga ko'maklashadi. Markaz faoliyatida sohada xalqaro tajriba va bilim almashish mexanizmi yo'lga qo'yiladi, muhim siyosiy tadbir va anjumanlar o'tkaziladi. Bunday Mintaqaviy markazning tashkil etilishi, aytish o'rinliki, tashkilotga a'zo har bir davlat uchun muhim siyosiy ahamiyat kasb etadi.

    Tadbirning yakuni sifatida davlatlar o'rtasida korruptsiyaga qarshi kurashish siyosatini amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida takliflar ishlab chiqildi va ular ishtirokchilar tomonidan qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida o'z aksini topdi. Unda IHT ga a'zo davlatlar o'rtasida korruptsiyaga qarshi kurashishda hamkorlikni qo'llab-quvvatlash masalalari, mintaqaviy va global darajada umumiy muammo va imkoniyatlarning ko'lami va bog'liqligi, jamiyat taraqqiyoti va farovonligiga jiddiy tahdid soladigan har qanday korruptsiya shakllari tufayli yuzaga keladigan muammolarni birgalikda hal etish uchun mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.