Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxonov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D.Qosimov, tadbirkor Z.Hoshimov va boshqalar soʻzga chiqib yurtimizda soʻnggi yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yoʻnalishi etib belgilanganini taʼkidladi. Ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularga asosan, 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga oʻtkazildi.

Forumda BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablari asosida ishlab chiqilgan va tasdiqlangan “Oʻzbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasi” xususida soʻz yuritildi. Hujjat vazirliklar, idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, jamoatchilik tashkilotlari mutaxassislari ishtirokida keng muhokamadan oʻtkazilgan. Bu yoʻnalishda dunyodagi ilgʻor xalqaro standartlar va bir qator taraqqiy etgan xorijiy davlatlarning xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini joriy etish borasidagi tajribasi oʻrganildi.

Xartiya tadbirkorlik subyektining moliyaviy faoliyatini boshqarish, shartnoma munosabatlari, kadrlarni tanlash va oʻqitish, ichki intizom va qonuniylikni mustahkamlash, davlat xaridlari kabi muhim yoʻnalishlarda korrupsiya xavflarining oldini olishga qaratilgan kompleks choralarni oʻz ichiga olgan. Unda belgilangan tamoyillarning amaliyotga joriy etilishi xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, halol tadbirkorlarni ragʻbatlantirish tizimini joriy etish imkonini beradi. Korrupsiyaga qarshi kurashish xartiyasi aʼzoligiga qoʻshilish va “Yagona reyestr”ni yuritish tartibi tegishli nizom bilan tartibga solinadi. Nizomda tadbirkorlik subyektlari tomonidan xartiyaga qoʻshilish, maʼlumotlarni elektron “Yagona reyestr”da aks ettirish va undan chiqarish tartibi aniq belgilab berildi. Reyestrni yuritishga Savdo-sanoat palatasi masʼul.

Forum doirasida, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida hamkorlik bitimi imzolandi.

Tadbir yakunida ekspertlarning fikr va tavsiyalari, tadbirkorlik subyektlari tomonidan bildirilgan mulohazalar, xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Bahor Xidirova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.