Maqsad – barcha uchun ochiq va do'stona muhit yaratish

    3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni mamlakatimizda ham har yili keng nishonlanib kelinmoqda.

    Mazkur sana munosabati bilan Toshkent viloyati Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi tomonidan ham bir qator xayrli tadbirlar o'tkazildi.

    Jumladan, viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yordamchi maktablarda "Quvnoq startlar" o'yinlari, shaxmat-shashka sport musobaqalari tashkil etildi. Bolalarga sovg'alar ulashildi.

    Chirchiq sport maktabi tomonidan shahardagi 23-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yordamchi maktabda o'zgacha shukuh bilan tashkil etilgan shaxmat-shashka bellashuvlarida o'quvchilar bor mahoratini namoyon etdi. Tadbir so'nggida Toshkent viloyati Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi tomonidan ajratilgan sport kiyimlari jamlanmasi o'quvchilarga berilgani esa bolajonlar uchun ajoyib sovg'a bo'ldi.

    Bunday tadbirlardan ko'zlangan maqsad, butun dunyoda amalga oshirilayotgan dastur va loyihalarda imkoniyati cheklangan bolalar ham tengdoshlari bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishi, ularning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishi, barcha uchun ochiq va do'stona muhit yaratishdan iborat.

    Ilhom Rahmonov