- O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasiga joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 25 ming 711ta murojaat kelib tushdi. SHulardan 14 ming 177tasi qanoatlantirilidi, 5 ming 849tasiga tegishli tushuntirishlar berildi, 28 rad etilgan, 39 tasi tegishli sabablarga ko'ra ko'rilmasdan qoldirilgan, 524tasi Qo'mita vakolatiga kirmaganligi bois qo'rib chiqish uchun tegishli vazirlik va idoralarga yuborilgan. Va qolgan 1953tasi ayni paytda ko'rib chiqilmoqda, -dedi M.Hasanova.

 Hal etilgan murojaatlardan biri Qo'mitaning Samarqand hududiy boshqarmasiga yuborilgan. “Xitoy Beshbarmoq qurilish materiallar” MCHJ xorijiy korxonasining “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ Bulung'ur tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 2020 yil dekabr oyida o'tkazilgan o'rganishda elektr energiyasiga ulanish sxemalari noto'g'riligi aniqlanib, dalolatnoma asosida 1 mlrd 215 mln so'mlik asossiz to'lovlar hisoblanganligi,  bundan korxona rozi emasligi haqida murojaat kelib tushgan.

 Murojaatda keltirilgan holatlar Boshqarma hodimlari va  “O'zenergoinspektsiya” Samarqand viloyat bo'limi bilan birgalikda o'rganildi. Natijada, “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ Bulung'ur tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan qayta hisob-kitob dalolatnomasi asosida xorijiy korxonaga hisoblangan 1 mlrd 215 mln so'mlik to'lov summasining 825 mln 498 ming so'mi asossiz hisoblanganligi aniqlandi. Ushbu asossiz hisoblangan to'lovlar “Xitoy Beshbarmoq qurilish materiallar” MCHJ xorijiy korxonasi foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

 Qo'mitaning Sirdaryo hududiy boshqarmasi 2020 va 2021 yilning o'tgan davrida  oilaviy korxonalarga elektr energiyasi tariflarini to'g'ri qo'llanilishi yuzasidan o'rganish o'tkazdi. O'zbekiston Respublikasi “Oilaviy tadbirkorlik to'g'risida”gi qonunning 28 -moddasi birinchi xatboshisida oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning o'zida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmat ko'rsatish uchun foydalanilganda, kommunal infratuzilma xizmatlari haqini to'lash aholi uchun belgilangan tariflar bo'yicha va shartlar asosida amalga oshirilishi belgilangan.

 Biroq, “Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan 2020 yil va 2021 yil yanvardan aprel oyigacha viloyat hududida faoliyat ko'rsatayotgan oilaviy korxonalarga etkazib berilgan elektr energiya uchun noto'g'ri tarif qo'llanilganligi natijasida jami 35 mln 145 ming 300  so'm ortiqcha to'lov hisoblanganligi aniqlandi.

  O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo'zg'atish va ularni ko'rib chiqish tartibi to'g'risida”gi Nizomga muvofiq “Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga  nisbatan o'rnatilgan tartibda ish qo'zg'atib, tadbirkorlardan ortiqcha hisoblangan mablag'larni qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.

Manzura Hasanovaning qayd etishicha, tadbirkorlarimiz shunga o'xshash muammolarga duch kelsa yoki Qo'mita vakolati doirasida hal etiladigan boshqa muammolar bo'lsa 71 207 48 00 telefon raqami, antimon.gov.uz sayti, @AntimonUzbot telegramdagi bot orqali murojaat qilishi mumkin.