Muftiy Nuriddin domla hazratlari yuksak medal bilan taqdirlandi

    Voqea-hodisalar 26 Noyabr 2021 1513

    2021 yil 25 noyabr kuni Nur-Sulton shahrida bo'lib o'tgan xalqaro konferentsiyada O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi tomonidan ta'sis etilgan yuksak medal bilan tantanali ravishda taqdirlandilar.

    Ta'kidlash joizki, “Mustaqil Qozog'iston va Islom qadriyatlari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya yuksak saviyada tashkil etilgani, 200 dan ziyod ishtirokchi qatnashgani, ZOOM platformasi orqali yuzlab xorijiy va mahalliy mutaxassislar kuzatib borgani, martabali din va davlat arboblari, professor va akademiklar arab, rus, turk va qardosh tillarda ma'ruzalar qilganlari hamda anjuman jarayonlari to'g'ridan-to'g'ri butun dunyoga onlayn namoyish etilgani bilan yana ahamiyatli bo'ldi.

    Xalqaro konferentsiyada bugungi murakkab davrda din peshvolarining hamjihatlikda faoliyat yuritishi muhimligi, shuningdek, global zamonda ulamolarning o'zaro hamkorligi muammolarni echishda katta omil ekani baralla aytilgani bilan uning nufuzi yanada oshdi.

    Notiqlar tomonidan so'nggi yillarda O'zbekiston zaminida Islom dini ma'rifatini keng yoyish, mo'min-musulmonlar ehtiyojini ta'minlash, masjid-madrasalarni obod etish va ulug' allomalar merosiga ehtirom ko'rsatish yo'lida olib borilayotgan ishlar yuqori baholandi.

    Konferentsiyada mana shunday ishlarning munosib e'tirofi sifatida ham muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi buyrug'i asosida yuksak medal bilan taqdirlandi.