Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar berdi.Alyans yigʻilishida Rossiya Federatsiyasi hamda Oʻzbekiston Ombudsmanlari, Armaniston, Qirgʻiziston, Serbiya, Moʻgʻuliston, Qozogʻiston, Eron va Tojikistondagi milliy inson huquqlari institutlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va davlat hokimiyati organlari, inson huquqlari hamjamiyatlari vakillari qatnashishdi.

Tadbir davomida nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini taʼminlash, jumladan, ularga sogʻliqni saqlash sohasida yetarli imkoniyatlarni yaratish bilan bogʻliq dolzarb muammolarni hal etish boʻyicha eng samarali mahalliy va xorijiy amaliyotlar haqida maʼlumotlar berildi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova ham oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etdi. U oʻz soʻzida mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Oʻzbekiston Parlamenti tomonidan Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya ratifikatsiya qilinganini hamda joriy yil kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasi “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonuni mazkur Konvensiya talablari asosida ishlab chiqilganini qayd etdi.

- Oʻzbekistonda ushbu xalqaro hujjatning ratifikatsiya qilinishi tegishli davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlar mansabdor shaxslari qatorida Ombudsman zimmasiga ham qator vazifa va majburiyatlarni yuklaydi. Mamlakatda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini kafolatlash, ularga moslashtirilgan sharoitlar yaratish borasida xalqaro standartlarga muvofiq qonunchilik asoslari ishlab chiqilgan. Xususan, Qonunimizning 6-moddasida nogironlik belgisiga koʻra kamsitilishga yoʻl qoʻymaslik tamoyili aks ettirilgan. Unga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qoʻyish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal koʻrish holatlari, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanadi.

Shu bilan birga, qonun bilan nogironligi boʻlgan bolalarning bepul umumiy oʻrta, maktabdan tashqari, oʻrta maxsus va professional taʼlim olishini kafolatlash, bunda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qoʻshimcha qabul kvotasi ajratilishi va boshqa shu kabi qator imtiyozlar va huquqlar belgilangan.

Shuningdek, Feruza Eshmatova oʻz nutqida imkoniyati cheklangan shaxslarning munosib yashashi, oʻqishi, mehnat qilishi, davolanishi va dam olishi uchun moslashtirilgan sharoitlarni yaratish jarayonida Ombudsmanning oʻrni, nazorati hamda faolligi borasidagi ilgʻor xalqaro tajribalar haqidagi foydali maʼlumotlar uchun yigʻilish ishtirokchilariga oʻz minnatdorchiligini bildirdi va davlatlararo inson huquqlarini taʼminlashda hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirdi.

Taʼkidlash lozimki, Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi mintaqadagi inson huquqlari himoyachilarining saʼy-harakatlarini birlashtiradigan birinchi Ittifoq hisoblanadi. Ushbu tashkilot Yevroosiyo davlatlari ombudsmanlarining oʻzaro hamkorligini taʼminlab, oʻz mamlakatlari fuqarolarining chet eldagi muammoli masalalarini tezkor hal etish imkonini beradi.

Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining V-yigʻilishi yakunlariga koʻra, Yevroosiyo mintaqasida nogironlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash mexanizmlarini mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilinib, takliflar ishlab chiqildi.

Shu kuni Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston va Mongoliya Ombudsmanlari Moskva shahridagi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish departamentining Faxriylar uyiga tashrif buyurishdi va u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.

50 yil davomida faxriylarga xizmat koʻrsatilayotgan ushbu muassasa 701 oʻringa moʻljallangan. Hozirda bu yerda 672 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar davolanmoqda. Ularning uchdan bir qismi esa mustaqil ravishda harakatlana olmaydigan va alohida gʻamxoʻrlikka muhtoj boʻlgan nogiron kishilardir. Faxriylar uyida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun turli psixologik, reabilitatsion xizmatlar ham koʻrsatiladi.

Muloqot davomida faxriylarning imkoniyati cheklangan shaxslarga moslashtirilgan sharoitlar yaratish borasidagi fikrlari oʻrganildi.