Andijon viloyati, Baliqchi tumanida yashovchi 31 yoshli N.A. ariza bilan murojaat qilib “Olx” platformasi orqali Toshkent shahrida xonadonlarni ijaraga berish yuzasidan joylangan eʼlon boʻyicha Ruslan ismli shaxsga oldindan toʻlov sifatida 3.000.000 soʻm pulni uning bank kartasiga oʻtkazganini, lekin Ruslan bergan vaʼdasini bajarmasdan aloqani uzib aldab ketganini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Jizzax viloyati, Jizzax shahrida yashovchi 29 yoshli G.G. sodir etgani aniqlandi. Unga koʻra, G.G. oʻz ismini “Ruslan” deb nomlab, “Olx” platformasida Toshkent shahrida xonadonlarni ijaraga berish yuzasidan yolgʻon eʼlonlarni joylashtirib, ishonchiga kirgan fuqarolardan bank kartasida saqlangan pullarni oʻzlashtirib, qingʻir yoʻllar bilan boylik orttirib kelayotgani maʼlum boʻldi.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, G.G.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.