Rossiyada ogʻir sharoitda qolgan 35 nafar voyaga yetmagan yoshlar Oʻzbekistonga qaytarildi

    Rossiya hududida ota-ona qarovisiz, nazoratsiz yoki ogʻir ijtimoiy ahvolda boʻlgan bir guruh voyaga yetmagan bolalar Oʻzbekistonga qaytarildi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Moskva shahridagi Elchixonasi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Milliy ijtimoiy himoya agentligi vakillaridan iborat ishchi guruh Rossiyaning turli shaharlaridagi voyaga yetmagan fuqarolarni aniqlab, ularni Vatanga qaytarish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni olib bordi.

    Jumladan, ishchi guruh tomonidan Sankt-Peterburg, Chelyabinsk va Moskva shaharlarida nazoratsiz yoki ogʻir ijtimoiy ahvolda boʻlgan 16 nafar bola aniqlandi va ular yurtimizga olib kelindi.

    Shuningdek, Yekaterinburg, Volgograd, Ufa, Nijniy Novgorod, Xakasiya, Moskva viloyati, Maxachqala va Novosibirsk shaharlaridan yana 19 nafar ota-ona qarovisiz qolgan bolaning qaytishiga koʻmaklashildi.

    Bolalarning shaxsiy maʼlumotlarini aniqlash, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va tashkiliy masalalarni hal etish ishlari Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

    Elchixona va hamkor tashkilotlar tomonidan koʻrilayotgan bunday chora-tadbirlar mamlakatimiz fuqarolari, ayniqsa voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.