Otlar bilan tillasha olgan harbiy xizmatchilar

    Milliy gvardiya kavaleriya eskadroni hududida OAV xodimlari uchun matbuot anjumani va press-tur tashkillashtirildi.

    Unda Oʻzbekiston “Tentpegging” sport federatsiyasi raisi Nodirbek Ibragimov, mamlakatimizda zotdor Qorabayir otlarini koʻpaytirish, xalqaro musobaqalarda ishtirokini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan yangi federatsiya haqida maʼlumot berdi.

    U oʻz soʻzida, aholi ayniqsa,yoshlar va harbiy xizmatchilarni ushbu sport turiga keng jalb etish maqsadida tashkil etilganligini, bugungi kunda sportchilarni hamda otlarni nufuzli musobaqalarga tayyorlash maqsadida malakali murabbiylarni tayyorlash borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini qayd etib oʻtdi.

    Shuningdek, ushbu sport turi hozirgi kunda Osiyo va Yevropa davlatlarida juda ommalashgani, ishtirokchilar yakka yoki jamoaviy tarzda musobaqalarda ishtirok etishlari mumkinligi toʻgʻrisida ham misollar bilan toʻliq maʼlumotlar berildi.

    Tadbir doirasida Tendpegging sporti harbiy xizmatchilarning jismoniy shayligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻlsa ot sportining har qanday turi inson salomatligini yaxshilash va koʻplab kasalliklarni davolashda juda foydali mashgʻulot ekanligi taʼkidlandi.

    Oʻzaro savol javoblar, qizgʻin fikrlar bilan oʻtgan muloqotlardan soʻng jurnalistlar uchun davom ettirilgan press-turda mazkur sport turi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi. Otlar bilan tillasha olgan harbiy xizmatchilarning mahorati, nayza va shamshir yordamida belgilangan nishonlarni aniq nishonga olishlarida namoyon boʻldi.

    Hozirgi kunga kelib 60 bosh Qorabayir zotli otlar parvarish qilinayotgan boʻlib, kelgusida ular Milliy gvardiya otliq eskadroni harbiy xizmatchilari tomonidan nufuzli musobaqalarga tayyorlanadi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri