Ovjasoyda 10 ta oilaviy mehmon uyi o'z faoliyatini boshladi

    Toshkent viloyati Ohangaron tumanining Ovjasoy qishlog'ida bir kunda 10 ta yangi oilaviy mehmon uyi ochildi.

    Turizm va sport vazirligi ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyati boʻylab olib borilgan oʻrganishlar natijasida Ovjasoy qishlogʻi, Sanam mahalla binosida Vazirlik tashabbusi bilan Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti, tuman hokimligi, tuman davlat xizmatlari markazi, tuman soliq inspeksiyasi masʼul xodimlari ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.

    Sayyor qabulda oilaviy mehmon uylarini tashkil etish istagida boʻlgan 10 nafar xonadon sohiblari shu joyning oʻzida tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazilib, ularga oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestridan koʻchirma va maxsus guvohnoma taqdim yetildi. Masʼullar tomonidan tashabbuskorlarga turizmni rivojlantirish, turistik xizmat turlarini koʻpaytirish va yaxshilash boʻyicha tegishli tavsiyalar berilib, Vazirlikning esdalik sovgʻalari topshirildi.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 631-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent viloyatining turistik salohiyatga ega tuman mahallalarida oilaviy mehmon uylarini tashkil etish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Ohangaron tumanining Yertoshsoy va Ovjasoy qishloqlariga “Turizm mahallasi” maqomini berishga doir keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.