O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Hindiston Press klubi o'rtasida memorandum imzolandi

    Xalqaro hamkorlik 23 May 2024 469

    Tadbirda O‘zbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev, “Yangi O‘zbekiston” va “Правда востока” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorovlar ishtirok etdi.

    Dehli shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Hindiston Press klubi (Press Club of India) o‘rtasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.

    Shu munosabat bilan Hindiston Press klubida tashkil etilgan tadbirda Hindiston markaziy ommaviy axborot vositalari vakillari, yurtimizdan ushbu mamlakatga borgan jurnalistlar hamda O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi mas’ullari qatnashdi. Unda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida so‘nggi yillarda izchil rivojlanib borayotgan hamkorlikni keng yoritish, ikki davlat jurnalistlarining o‘zaro aloqalarini rivojlantirish, OAV vakillarining tajriba almashuvini samarali yo‘lga qo‘yish kabi masalalar yuzasidan fikrlar bildirildi. Tadbirda O‘zbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev, “Yangi O‘zbekiston” va “Правда востока” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorovlar ishtirok etdi.

    Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda, xususan, media sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, matbuot va so‘z erkinligini, ochiqlikni ta’minlash, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida so‘z yuritdi.

    – Xalqlarimiz o‘rtasida do‘stona munosabatlarning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi, – deydi Hindiston Press klubi prezidenti Gautam Lahiri. – Keyingi yillarda ana shu munosabatlar mustahkamlanmoqda. Jurnalistika sohasida hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, malaka oshirish muhim. Bugun imzolagan hujjatimiz mamlakatlarimiz OAV vakillariga shunday imkoniyatlar yaratib beradi, deb o‘ylayman. Biz sentyabr oyida O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan tanishish uchun yurtingizga borishni rejalashtirmoqdamiz.

    Imzolangan hamkorlik memorandumiga ko‘ra, tomonlar ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o‘rtasida o‘zaro axborot almashuviga ko‘maklashadi. Birgalikda xalqaro konferensiyalar va matbuot anjumanlari o‘tkazadi, press-turlar tashkil qiladi. Shuningdek, jurnalistlar malakasini oshirish va xodimlarni qayta tayyorlashda hamkorlik qilinadi, o‘quv seminarlari tashkil etish jarayonida tajribali jurnalist va ekspertlar ayirboshlanadi, o‘zbek va hind ommaviy axborot vositalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlari o‘rnatilishi qo‘llab-quvvatlanadi.

    Tadbir yakunida Hindiston Press klubi prezidenti Gautam Lahiriga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining sovg‘asi topshirildi.

    O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

    Axborot xizmati