O‘zbekiston va Hindiston tibbiyot yo‘nalishidagi hamkorlikni kuchaytiradi

    Xalqaro hamkorlik 8 Sentabr 2020 2159

    Mamlakatimizning Dehli shahridagi Elchixonasi tomonidan Hindistonning “Pratiksha Hospitals Group” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Nishant Bajaj bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Muloqotdan Oʻzbekistonda tibbiyot tizimini takomillashtirish, uni ilgʻor xorijiy standartlar asosida tashkil etish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish mavzusi oʻrin oldi.

    Hindistonlik tadbirkor “Pratiksha Hospitals” klinikasi ishtirokidagi Samarqand shahrida kardiologiya yoʻnalishiga ixtisoslashgan zamonaviy tibbiyot markazi loyihasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

    “Rejaga koʻra birinchi bosqichda 80 oʻrinli shifoxona oʻz faoliyatini boshlaydi. Loyihani ishga tushirish bilan bogʻliq barcha ishlarni 2020-yil oxiriga qadar yakunlashni rejalashtirganmiz”, — deya taʼkidladi N.Bajaj.

    Shuningdek, yaqin kelajakda “Pratiksha Hospitals Group” tomonidan Samarqand shahrida yana bir qoʻshma loyiha – eng soʻnggi uskunalar bilan jihozlangan koʻp tarmoqli shifoxona qurishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

    Bundan tashqari, hind kompaniyasi tomonidan Termiz shahrida zamonaviy diagnostik markaz va klinika tashkil qilish loyihasini amalga oshirish boʻyicha ham mahalliy hamkorlar bilan tegishli ishlar davom ettirilyapti, deb xabar beradi Oʻzbekistonning Hindistondagi Elchixonasi matbuot xizmati.