IIV matbuot xizmatining xabar berishicha, Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida oʻzini “leytenant” deb tanishtirgan soxta xodim qoʻlga olingan.
Ushbu shaxs avval ham firibgarlik, oʻgʻrilik va talonchilik jinoyatlarini sodir qilgan. Fuqaro ichki ishlar xodimining xizmat kiyimidan foydalangan holda tumandagi maishiy xizmat koʻrsatish doʻkoniga kirib, oʻzini ichki ishlar xodimi sifatida tanishtirgan.
Doʻkon egasidan egnidagi xizmat kiyimining bichimini oʻzgartirib berishini soʻragan. Keyin doʻkon egasining eʼtiborsizligidan foydalanib, xonada boʻlgan bahosi 1 mln 800 ming soʻmlik boʻlgan qoʻl telefonini oʻgʻirlab, hodisa joyidan yashiringan.
Shuningdek, yana bir fuqaroni aldab, uning ham qoʻl telefoni va sumkasidagi pullarni yashirin ravishda oʻgʻirlagan.
Boshqa bir holatda begona qiz bilan tanishib, unga ham oʻzini ichki ishlar xodimi sifatida tanishtirgan. Natijada uning ham pullarini yolgʻon orqali oʻzlashtirgan.
— Bir yigit ichki ishlar formasida kelib, 2 kg goʻsht olib ketdi. Bervordim, lekin shu bilan yoʻq boʻlib ketdi, deydi jabrlanuvchilardan biri.
Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan fuqaroga nisbatan JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilingan boʻlib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.