Ushbu forum global iqtisodiyotning dolzarb muammolarini muhokama qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy yechimlarni topish uchun noyob platformadir.
«Oʻzbekiston Respublikasi ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro Ziyo Forum fondi» direktori Bobur Farmanov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ushbu forumda ishtirok etdi. Forumning asosiy sessiyasida Ziyo Forum xalqaro fondi direktori soʻzga chiqdi. Bobur Farmanov oʻz nutqida mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan taʼlim tizimidagi islohotlar, talabalarga beriladigan imtiyozlar va mehnat bozori talablariga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan katta saʼy-harakatlar haqida soʻzlab berdi. «Bizning maqsadimiz yurtimizda har bir yosh sifatli taʼlim olishi uchun qulay boʻlgan shart-sharoitlarni yaratishdir». – dedi Bobur Farmanov.
Forum doirasida iqtisodiyot, madaniyat, sport va ijtimoiy siyosat sohalarida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar va shartnomalar imzolandi. Xususan, forum davomida BRIKS+ savdo-sanoat (Hindiston), SHHT aʼzo davlatlarning Xitoy texnologiyalar transferi markazi, BRIKS markazi (Braziliya), Value Makers Studio (Saudiya Arabistoni), China Guanghua fan va texnologiyalar jamgʻarmasi, OBM Foundation (Misr), Nahdet Misr Publishing group (Misr), Milliy innovatsiya fondi (Hindiston), Oʻzbekiston Respublikasi ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlantirish Ziyo Forumi fondi (Oʻzbekiston) kabi 8 ta davlatdan kelgan tashkilotlar tomonidan BRICS+ «Jamgʻarmalar ligasi»ni tashkil etish qarori bir ovozdan qabul qilindi.
Liganing asosiy maqsadi xalqaro miqyosda, ilm-fan va taʼlim sohasini rivojlantirishga koʻmaklashish, muhandislik va kasbiy koʻnikmalarga ega malakali kadrlarni tayyorlash, kelajakdagi muammolarni xalqaro hamkorlik va resurslar almashish orqali birgalikda aniqlash va hal qilishdan iborat.
«Jamgʻarmalar ligasi» — bu dunyoda analogi mavjud boʻlmagan noyob loyiha. Ushbu tashkilot yagona tizimga aylanadi, buning natijasida mamlakatlar ilm-fan va taʼlim sohasida malakali kadrlarni tayyorlash dasturlariga alohida eʼtibor qaratadi. Qolaversa, «liga»ga aʼzo tashkilotlar yoshlarga sifatli taʼlim olishi uchun umumiy saʼy-harakatlarini yoʻnaltirishi mumkin boʻladi», — deya taʼkidladi Oʻzbekiston Respublikasi ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro fondi direktori Bobur Farmanov.
Shartnomalarni imzolash marosimidan soʻng «Kelajak boshida. Qanday qilib fondlar hamkorligi BRIKS mamlakatlari salohiyatini oshirishga yordam beradi» mavzusida sessiya boʻlib oʻtdi. Sessiya davomida BRIKS + va SHHTga aʼzo davlatlar vakillari oʻz davlatlarida ilm-fan sohasini qamrab oladigan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash tajribasini muhokama qildilar, moliyalashtirishdan tortib zarur infratuzilmani yaratishgacha boʻlgan jihatlarni qamrab oluvchi ilmiy tadqiqotlar va taʼlim dasturlarini ragʻbatlantirishga qaratilgan strategiya va amaliyotlar haqida fikr almashdilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar ilm-fan va taʼlimni rivojlantirish sharoitlarini yaxshilash boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish, jumladan, moliyalashtirishni kengaytirish, innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash va turli taʼlim va ilmiy muassasalar oʻrtasida samarali oʻzaro taʼsir mexanizmlarini yaratish muhimligini taʼkidladilar.
Sessiya davomida, endilikda, har yili oʻtkaziladigan BRIKS+ Future Makers Award xalqaro mukofoti eʼlon qilindi. Mukofot BRIKS, MDH va SHHT mamlakatlaridan iqtidorli yosh olimlar va tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga qaratilgan. U kelajakdagi global muammolarni hal qilishga hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan yosh olimlarning xalqaro ilmiy hamjamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga yordam beradi.
«Jamgʻarmalar ligasi»ga aʼzo davlatlar ushbu hamkorlik ilm-fan va taʼlimni rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam deb hisoblaydi.