Jizzax Politexnika institutida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun hamda proporsional saylov tizimida gender tenglikni taʼminlashda eng muhim jihatlarning mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan targʻibot uchrashuv oʻtkazildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, XDP fraksiyasi aʼzosi U. Oʻrazboyev, Jizzax viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Shuhrat Sulaymonov, Jizzax viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi xodimlari, Jizzax Politexnika instituti oʻqituvchi va talabalari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida oʻtkazish, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish hamda Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Shuningdek, qonun loyihasi bilan bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanishi, yaʼni mutlaq koʻpchilik emas, balki nisbiy koʻpchilik ovoz bilan deputatlar saylanishi takliflari maʼqullandi.
Uchrashuvda ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob berildi, deb xabar beradi XDP matbuot xizmati.










