Xususan, dori allergiyasi og‘ir asoratlari, xususan, Layella sindromini keltirib chiqarishi bilan xavfli. Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova shu haqda ma’lumot berdi.
– Layella sindromiga chalingan 25 foizdan 75 foizgacha bemorlarning hayoti o‘lim bilan yakun topadi, — deydi mutaxassis. — U organizmning dorilar, masalan, antibiotik, sulfanilamid va nostreoid yallig‘lanishga qarshi vositalarga reaksiyasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Xastalik asosan og‘ir allergik anamnezga ega kishilarda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar fonida rivojlanadi. Ya’ni bunday bemorlar yuqorida qayd etilgan preparatlarni qabul qilgach, ahvoli og‘irlashadi.
Immunitet organizmni xastalikdan himoya qilish o‘rniga o‘z to‘qimalarini yo‘q qilishga kirishadi.
Bunga, 45 foiz holatda sulfanilamidlar, 40 foiz holatda antibiotiklar, 10 foiz holatda talvasa (sudorogi)ga qarshi dorilar, 5-10 foiz holatda yallig‘lanishga qarshi preparatlar, 1-3 foiz holatda silga qarshi dorilar sabab bo‘ladi.
Ba’zi hollarda yallig‘lanishga qarshi nosteroid dorilar, aspirin va uning analoglari, qolaversa, turli vitaminlar ham xastalikni qo‘zg‘atish xususiyatiga ega.
Layella sindromi ko‘pincha boshqa allergik kasalliklar, masalan, ekzema, atopik dermatit, bronxial astma bilan og‘rigan bemorlarda aniqlanadi. Xastalik chog‘ida pufaklar yorilgach, suyuqlik tarkibidagi erigan tuz va oqsillar bug‘lanadi. Oqibatda tana suvsizlanib, qon quyuqlashadi.
Shu asnoda qon aylanishi buzilib, yurak, o‘pka va buyraklar faoliyati yomonlashadi. Gipertenziya, taxikardiya, yurak va nafas yetishmovchiligi kuzatiladi. Peshob hosil bo‘lishi va zaharli moddalarning organizmdan chiqarilishi to‘xtaydi.
Bundan tashqari, terining toshmalardan jarohatlangan joylariga virus va bakteriyalar oson o‘rnashib, boshqa xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ko‘zlarning zararlanishi hisobiga ko‘rish qobiliyati yo‘qolishi mumkin.
Layella sindromiga aniq tashxis qo‘yish uchun vizual tekshiruv, qon va allergenlar tahlili, teri biopsiyasi va gistologik ko‘riklar talab etiladi.
Xastalik aniqlangan bemorlarni zudlik bilan intensiv terapiya bo‘limiga yotqizish zarur.
Bugungi kunda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida ushbu kasallikka aniq tashxis qo‘yish barobarida, uni samarali davolash usullari yo‘lga qo‘yilgan.