Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi doirasida qabul qilingan Qarordan koʻzlangan maqsad – Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi, shuningdek BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirishdan iborat.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yana-da kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlariga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bogʻliq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona koʻrib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish boʻyicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish ishlarini davom ettirish lozim.
Shuning uchun Prezident Qarorida, avvalambor, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 22-fevralda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida taʼkidlaganidek, “Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid boʻlgan qiynoqlarning har qanday koʻrinishiga bundan buyon ham mutlaqo yoʻl qoʻymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qatʼi nazar, ular uchun jazo muqarrardir”.
Davlat rahbari oʻshanda Oʻzbekiston Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilishi haqida bayonot bergandi. Qarorda bu borada bir qator muhim vazifalar koʻzda tutilgan.
Xususan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi Ombudsman va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashga qarshi konvensiyasi Fakultativ protokoliga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi masalasi boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi zarurligi belgilangan.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.