Bugungi kunda sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan 15 ta davlat tashkilotlari hamda 100 dan ortiq xususiy tashkilotlar tomonidan respublika hududining 80 foizi maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrab olingan. Endilikda bu koʻrsatkichni 100 foizga yetkazish choralari koʻrilmoqda.

Lekin hududlarda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish ishlarida ayrim muammolarning mavjudligi chiqindilar bilan bogʻliq samarali tizimni shakllantirishga, sohaga ixtisoslashtirilgan yuridik shaxslar manfaatlarini ishonchli himoya qilishga toʻsqinlik qilmokda. Xususan, toʻlov intizomi darajasining pastligi qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlarning moliyaviy koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatib, asosiy fondlarni yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiya kiritish imkoniyatlarini cheklamoqda. Ushbu sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishga toʻsiq boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 24-noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonining 20-bandiga muvofiq ishlab chiqilgan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasida bu borada yuzaga kelayotgan muammolar yechimi oʻz aksini topgan.

Taklif etilayotgan loyihaning qabul qilinishi qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari boʻyicha toʻlov intizomi darajasini hamda ushbu soha tashkilotlarining moliyaviy koʻrsatkichlarini mustaxkamlash orqali asosiy fondlarni yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga imkon beradi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.