Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo mamlakatlar parlamentlari palatalarining ayol yetakchilari (spikerlari), deputat ayollar, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar vakillari qatnashayotgan sammit oʻz ishini 9-sentyabr kuni “Barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga qaratilgan gender masalalariga yoʻnaltirilgan parlamentlar" mavzusidagi maxsus segment majlisi bilan davom ettirdi.
Majlisni Parlamentlararo Ittifoq bosh kotibi Martin Chungong kirish soʻzi bilan ochdi. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻz soʻzida Oʻzbekistonda ham gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlarga toʻxtalib, mazkur masala davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangani, bu boradagi ishlar “Hech bir ayol davlat va jamiyat eʼtiboridan chetda qolmaydi” degan qatʼiy tamoyil asosida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Inqirozlarni hal qilishda gender tenglikni taʼminlashga yoʻnaltirilgan parlament, ayniqsa, muhimdir. Parlamentlar tomonidan pandemiyaga moslashgan holda erkaklar va ayollar tengligi boʻyicha qabul qilgan soʻnggi chora-tadbirlar ham buning isbotidir. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib muhokama shaklida tashkil etilgan segment majlisida toʻrtta asosiy mavzu yuzasidan fikr almashildi. Xususan, ishtirokchilar gender masalalariga yoʻnaltirilgan parlament diplomatiyasini, hamkorlikni rivojlantirish va tinchlikka erishish borasidagi saʼy-harakatlarni faqat ushbu masalalarga yoʻnaltirilgan parlament boshqara olishi, bunday parlamentsiz zaruriy qonunlarni qabul qilish mumkin emasligi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.
Shu bilan birga erkaklar va ayollar tengligi masalalariga yoʻnaltirilgan parlament — jamiyat va parlamentda ayollarga nisbatan gender tarafkashlik, taʼqib va zoʻravonlikning oldi olinishi, jazolanishi va tuzatilishi mumkinligi hamda ayol-spikerlar parlamentni yanada ochiq qilishlari va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishlari mumkinligi borasidagi oʻz qarashlarini bayon qildilar.
Sammit COVID-19 pandemiyasining iqtisodiy oqibatlariga doir masalalar yuzasidan rahbar ayollar oʻrtasida fikr almashish, raqamli makonda inson huquqlari himoyasini va gender tenglikni taʼminlash uchun tartibga solish usullari va taktikasini ishlab chiqish yoki qayta koʻrib chiqish uchun oʻziga xos platforma vazifasini oʻtagani taʼkidlab oʻtildi. Sammit parlamentlarning gender masalalarga javob berishga, xavf-xatarlarni oldindan koʻra bilishga, tinchlik, barqarorlik hamda farovonlikni samaraliroq taʼminlashga tayyorligi va bunga qodirligini sarhisob qilish imkoniyatini yaratgani ham qayd etildi.
Sammit yakunlari boʻyicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri