2021-yil 23-sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Majlis kun tartibidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shaklini va matnini tasdiqlash,  Oʻzbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish masalalari joy oldi.

Komissiya aʼzolari dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shaklini va matnini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdi.

Saylov kodeksining 31-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Saylov byulletenida uni toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi tushuntirish boʻlishi kerak.

Nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi saylov byulleteniga uning tugʻilgan yili va uni nomzod etib koʻrsatgan siyosiy partiya koʻrsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi.

Saylov byulletenlari davlat tilida nashr etiladi. Shuningdek, okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining koʻpchiligi soʻzlashadigan tillarda ham nashr etilishi mumkin. Saylov byulletenlarini brayl alifbosi asosida toʻldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkin.

Saylov kodeksining 32-moddasiga asosan, uchastka saylov komissiyalari saylov byulletenlarini ovoz berish kuniga, shu jumladan, muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida okrug saylov komissiyalaridan oladi. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar soni haqida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida Markaziy saylov komissiyasi saylov byulletenlarining tayyorlanishi va yetkazib berilishini taʼminlaydi.

Uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining soni har bir saylov uchastkasi boʻyicha saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilar soniga nisbatan yarim foizdan ortiqroq boʻlishi mumkin emas.

Shuningdek, majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, shu kunga qadar 6 nafar xorijiy mamlakatlardan va DIIHB YEXHTdan 40 nafar xalqaro kuzatuvchi roʻyxatdan oʻtkazildi. Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi MSK qaroriga muvofiq, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (7),  Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasi (25), Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (1), shuningdek  Ozarbayjon Respublikasi (2), Belarus Respublikasi (2), Qozogʻiston Respublikasi (3), Latviya (1), Misr (5), Rossiya Federatsiyasi (5),  Singapur (3), Turkiya (5), Ukraina (1), Chexiya Respublikasi (1), Yaponiya (2) va Quvayt (3) davlatlaridan 66 nafar xorijiy kuzatuvchi roʻyxatdan oʻtkazildi. Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida oʻz faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun mandatlarni qonunda belgilangan muddatda taqdim etmoqda.

Komissiya aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish masalasi ham koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek oʻtgan vaqt davomida Markaziy saylov komissiyasiga yana 53 ta OAV tomonidan murojaat kelib tushgan. Majlisda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi bir ovozdan maqullandi va 53 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 167 nafar vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari jami 1129 (shundan 48 nafari xorijiy) nafarni tashkil etmoqda.

Majlis davomida Andijon, Navoiy va  Surxondaryo saylov okruglari raislarining saylovga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha hisobotlari tinglandi.

Majlisda kun tartibiga kiritilgan qarorlar ochiq ovoz berish orqali, komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilindi. Qayd etish joiz, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari qabul qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.