Bu haqda Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov sana munosabati bilan tashkil etilgan matbuot anjumani soʻz yuritdi.
Oʻtgan davr mobaynida Markaz SHHT davlatlari va fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan SHHT mamlakatlari yoshlari va ayollar tashkilotlari oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga asoslangan holda oʻzaro ishonch va yaqin qoʻshnichilik ruhini mustahkamlash boʻyicha keng koʻlamli tadbirlarni oʻtkazib kelmoqda.
Matbuot anjumanida madaniy, ilmiy, maʼrifiy dasturlarni tashkil etish, delegatsiyalar almashinuvi, tematik forumlar, badiiy koʻrgazmalar, musiqa festivallari va sport tadbirlarini oʻtkazish doirasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berildi. Ushbu tadbirlar madaniyat, taʼlim, sanʼat, turizm, sport, tibbiyot va boshqa sohalardagi hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshligʻi, SHHT milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov oʻz chiqishida, oʻtgan 20 yil davomida SHHT oʻz faoliyatida sezilarli ijobiy natijalarga erishib, nufuzli va mintaqaviy tashkilot sifatida xalqaro eʼtirofga sazovor boʻlib kelayotgani, siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy hamkorlikning amaliy va muhim vositasiga aylanganini qayd etdi. Bugungi kunda kuzatuvchi davlatlar bilan birga tuzilma 18 ta davlatni hamkorlik asosida birlashtirganligi haqida aytib oʻtdi.
SHHT oʻzining 20 yillik faoliyati davomida dunyoda eng obroʻli xalqaro tashkilotlardan biriga aylangani taʼkidlandi. Juda qisqa vaqt mobaynida SHHT xalqaro munosabatlarda muhim rol oʻynaydigan tashkilotga aylanib, bugungi kunda kuzatuvchi davlatlar bilan birga tuzilma 18 ta davlatni birlashtirganligi aytib oʻtildi.
Mamlakatimiz tinchlik, hamkorlik va integratsiya gʻoyalariga asoslanib yuritayotgan faol tashqi siyosatning amaliy natijalari uning jahondagi nufuzi oshib, xalqaro tashkilotlar boshqaruv tizimidagi oʻrni kengayib borayotganida ham oʻz ifodasini topmoqda. Xususan, Vladimir Norov 2019-yil 1-yanvardan SHHT Bosh kotibligiga tasdiqlangani buning yorqin dalillaridan biridir.
Toshkent shahrida SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi taʼsis etilishi hamda Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti tashkil qilingani mamlakatimizning SHHT doirasidagi ilgari surgan tashabbuslari natijasidir.
SHHTning muvaffaqiyati 2002-yilda tashkilot Nizomida qabul qilingan “Shanxay ruhi” ga asoslanadi. Unda oʻzaro ishonch, hurmat, manfaat, tenglik, maslahat, turli madaniyatlarga hurmat va birgalikda rivojlanish istagi nazarda tutiladi.
Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi
markazining axborot xizmati