Shuhrat Maqsudov “Bunyodkor” klubining bosh murabbiyi etib tayinlandi

    Sport 3 Mart 2021 1233

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullayev klubda boʻlib, u yerda murabbiylar, futbolchilar va klubda mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar bilan uchrashdi.

    Uchrashuv avvalida klub bosh direktori Ulugʻbek Mirzayev barchaga “Bunyodkor” klubida yangi ish boshlagan klub prezidentini tanishtirib oʻtdi.

    Shundan soʻng, klub faoliyati va qilinayotgan ishlar, rejalashtirilgan vazifalar borasida hisobot berdi.

    Klub prezidenti murabbiy va futbolchilar bilan shaxsan uchrashishdan asosiy maqsadi, soʻnggi toʻrt yilda jamoaning yutuqlarga erisha olmayotgani va moliyaviy qiyinchiliklar borasida muhokama qilish kerakligini taʼkidladi.

    Albatta, bu yil barchasi boshqacha boʻlishi, ushbu futbol klubi nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro maydonda ham gʻalabalarga erishishi uchun harakat qilishi kerakligini bildirdi.

    Shundan soʻng, klubda faoliyat olib borayotgan maslahatchi murabbiy Yuriy Sarkisyan, murabbiylar – Marat Miftaxutdinov, Viktor Karpenko oʻz fikrlarini bildirib, avvalo, klub prezidentining tashrif buyurib, yuzma-yuz uchrashgani, muammoli masalalarni muhokama qilganidan xursand ekanliklarini bildirib oʻtishdi.

    Klub prezidenti jamoada nafaqat muammoli masalalar bartaraf etilishi, balki komplayens nazorat tizimi oʻrnatilishi hamda klub uchun ajratilgan mablagʻ nazorat qilinishi, futbolchilar ragʻbatlantirilishi, korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik borasida ham qator ishlar qilinishini maʼlum qildi.

    Jamoa sardori Lutfullo Toʻrayev ham soʻz olib, aynan klub prezidentiga, sportchilar bilan uchrashgani va ularning fikri bilan qiziqayotgani, ularni tinglayotgani uchun jamoa aʼzolari nomidan minnatdorchilik bildirdi.

    Futbolchilar, albatta, bildirilgan ishonchni oqlashlari va faqat gʻalaba uchun maydonga tushishlarini taʼkidlab oʻtdi.

    Eng avvalo, murabbiylar ishiga aralashishga mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligini, murabbiy har bir futbolchini oʻzi tanlashi va natijaga erishish shart ekanligi bildirildi.

    Bundan tashqari, sport liboslari, yotoqxona va ovqatlanish, sportchilarni vitaminlar bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratildi.

    Klub prezidenti qatnashgan yigʻilishda yangi bosh murabbiy saylash masalasi ham koʻtarildi. Kuzatuv kengashi aʼzolari, futbolchilar va murabbiylarning bir ovozi bilan uzoq yillardan buyon jamaoda faoliyat yuritgan Shuhrat Maqsudov bosh murabbiy etib saylandi.

    Aynan bugundan boshlab Shuhrat Maqsudov “Bunyodkor” klubining bosh murabbiyi sifatida futbolchilarni yangi mavsumda maydonga olib tushadi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi, “Bunyodkor” klubi prezidenti yangi bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov oʻzbek futbolining koʻzga koʻringan namoyandasi, ajoyib futbolchi boʻlgani hamda murabbiylikda ham oʻziga xos oʻrnak boʻlib ulgurganini taʼkidlab, unga ishonch bildirdi va oldinda turgan yangi mavsumda omad tiladi.

    Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, jamoa oldiga bu yilgi mavsumda chempionlikni qoʻlga kiritish vazifasi qoʻyildi.