"Snos"ga tushgan uy 1,5 milliardga baholandi

    Voqea-hodisalar 19 Oktabr 2022 2095

    To'g'risi, “snos” so'zini eshitgan odam ko'z oldida bir oilani ko'chada qolgani haqidagi taassurotlar paydo bo'ladi. Agar oilada yosh bolalar bo'lsa yanada achinarlidir.

    Hokimliklar tomonidan davlat va jamiyat ehtiyoji uchun olib qo'yilgan erlar ba'zida butun boshli oila a'zolarini nohaqliklar girdobiga o'rayotganini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar orqali kuzatib turibmiz.

    Agar qonunchilikda buzilgan uy-joyi joylashgan er uchastkasi evaziga kompensatsiya puli yoki o'rniga avvalgi huquq turlari saqlangan holda teng miqdorda er uchastkalarini ajratish belgilangan bo'lsa xo'p-xo'p. Berilmayotgan bo'lsachi?

    Toshkent shahar Bektemir tumani adliya bo'limiga shu masalada murojaat qilayotgan fuqarolar safi kengaymoqda. Masalan, aeroport kompleksi qurilishi loyihasini amalga oshirishda bir necha fuqarolar, shu jumladan, Meyer Tursunbaevga tegishli bo'lgan uy-joyi joylashgan er uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun tegishli tartibda olib qo'yilgan hamda ushbu uy-joy buzilishga tushgan.

    Evaziga, kompensatsiya puli yoki er uchastkasi o'rniga avvalgi huquq turlari saqlangan holda teng miqdorda er uchastkalarini ajratish belgilangan bo'lsada, ushbu masala ayrim sabablarga ko'ra ochiq qolib kelgan. Mazkur holat yuzasidan fuqaro Meyerbek Tursunbaev murojaati natijasida sudga Bektemir tumani adliya bo'limi da'vo arizasi kiritdi.

    Adliya xodimlari Er kodeksi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlari kafolatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni, er uchastkalarini olib qo'yilishiga oid qator farmonlar va qarorlardagi talablarini amalda bajarilishini suddan talab qilib, fuqaro foydasiga 1,5 milliard so'm miqdordagi kompensatsiya to'lab berishga erishdi.

    Sudning adolatli qarori bilan bir oila ko'ngliga yorug'lik kirdi. Biroq, bu hali Meyer Tursunbaevlar oilasi yangi xonadonga ko'chdi degani emas. Voqealar rivojini kuzatamiz.

    Oxunjon Eshonkulov,

    Bektemir tumani adliya bo'limi bosh maslahatchisi