Soʻqoqqa borib davlat xizmatlari koʻrsatildi

    Raqamlashtirish 13 Aprel 2021 1784

    Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi “mahallabay” tizimi asosida ish olib bormoqda.

    Chekka va olis hududlarda davlat xizmatlari markazlari tomonidan sayyor davlat xizmatlari koʻrsatilayotgani fuqaro va tadbirkorlar uchun qulaylik tugʻdirmoqda.

    Parkent tumani Davlat xizmatlari markazi mobil avtobusi bu gal Soʻqoq qishloq fuqarolar yigʻinida boʻldi. Tuman markazidan 10-15 chaqirim olisda joylashgan “Ulugʻbek”, “Hurriyat”, “Chashma” va “Chinor” mahalla fuqarolar yigʻinida 12 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

    Deyarli har kuni aholi biror bir yumush bilan Davlat xizmatlari markaziga ishi tushadi. Davlat xizmatlari markazi xodimlari mobil avtobusda soʻqoqliklarning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qildi.

    — Biz aholi oʻrtasida xizmatlarni tumanlar markaziga kelmasdan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda olishni ham targʻib qilyapmiz, — deydi Parkent tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Jahongir Rizayev. — Mazkur portal orqali murojaat qilgan shaxslarga toʻlov borasida imtiyozlar ham borligi tushuntirilyapti. Bunda fuqarolarimizning ham vaqti ham mablagʻi tejaladi. Qolaversa, Davlat xizmatlari markazlarida navbat kutishning oldi olinadi. Sayyor xizmat davomida fuqarolarga 20 ga yaqin davlat xizmati koʻrsatildi.

    Shu kuni tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari 51-sonli maktab oʻqituvchilari uchun xizmatlardan elektron tarzda foydalanishning afzalliklari haqida tushuntirish-targʻibot tadbirlari tashkil etdi.

    Hozirgi vaqtga qadar Toshkent viloyatidagi 235 ta mahalla fuqarolar yigʻinida tushuntirish-targʻibot tadbirlari amalga oshirildi. Unda 13 ming nafarga yaqin fuqaro ishtirok etdi.

    Shuningdek, viloyatdagi 225 ta taʼlim muassasasida oʻtkazilgan targʻibot tadbirlarida 8 ming nafar oʻqituvchi va oʻquvchilarga elektron xizmatdan foydalanish yuzasidan yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatildi.

    DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

    matbuot xizmati