Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay sharoitlar yaratilib, qonunchilikda ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shunday boʻlsa-da, tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatida ayrim muammolarga duch kelayotganini koʻrishimiz mumkin.

Ularning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini tiklash yuzasidan Toshkent viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, viloyat adliya boshqarmasi Huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish boʻlimi tomonidan joriy yilning oʻtgan vaqti mobaynida 215 nafar tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari koʻrib chiqilib, tadbirkorlik subyektlariga huquqiy koʻmak berilishi, ularning buzilgan huquqlarini tiklash choralari koʻrilmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyat adliya boshqarmasiga T.Rahimjonov murojaat qilib, buzilgan savdo doʻkoni uchun kompensatsiya toʻlovlarini undirib berishda amaliy yordam koʻrsatishni soʻragan.

Maʼlum boʻlishicha, Zangiota tuman hokimining 2019-yil 10-iyundagi 3699-sonli qaroriga asosan T.Rahimjanovga tegishli savdo doʻkoni buzilgan boʻlib, biroq buzilgan doʻkon uchun kompensatsiya puli toʻlanmagan.

Tadbirkorlik subyekti bir necha bor Zangiota tuman hokimligiga buzilgan doʻkoni uchun kompensatsiya pullarini toʻlab berilishini soʻrab murojaat qilgan, biroq hokimlik tomonidan kompensatsiya pullari toʻlanmasdan kelingan.

Toshkent viloyat adliya boshqarmasi tomonidan T.Rahimjanovning murojaati toʻliq oʻrganib chiqilib, uning buzilgan doʻkoni uchun Zangiota tuman hokimligidan kompensatsiya pullarini undirish haqida Fuqarolik ishlari boʻyicha Zangiota tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.

Sudning 2022-yil 6-apreldagi hal qiluv qarori bilan Toshkent viloyat adliya boshqarmasining daʼvo arizasi qanoatlantirilib, tadbirkor T.Rahimjanov foydasiga 3 mlrd. 622 mln. 297 ming 653 soʻm miqdoridagi kompensatsiya puli undirilishi belgilandi.

Jahongir Aliyev,

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi

boʻlim boshligʻi