OAVlari vakillarini Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining tamakiga qarshi kurashish bo'yicha Hadli konventsiyasining asosiy qoidalari, tamakiga qarshi kurashish sohasidagi O'zbekiston qonunchiligi va eng yaxshi xalqaro amaliyot, yangi “innovatsion” tamaki va nikotinli mahsulotlarni iste'mol qilish bilan bog'liq tahdidlar bilan tanishtirish anjumandan ko'zda tutilgan asosiy maqsaddir.

JSST ma'lumotlariga ko'ra, tamaki tufayli har yili butun dunyoda 8 milliondan ortiq kishi olamdan ko'z yumadi. Ushbu o'lim hollarining 7 milliondan ortig'i tamakini bevosita iste'mol qilish oqibati bo'lsa, 1,2 millionga yaqini — bu ikkilamchi tamaki tutuni ta'sirida bo'lgan chekmaydigan odamlardir.

2021 - yil 21 - dekabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “Alkogol` va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste'mol qilishni cheklash to'g'g'risida”gi yangi Qonun ishlab chiqildi, ayni paytda ushbu Qonun O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan ko'rib chiqilmoqda.

Qonunning Senat tomonidan ma'qullanishi mamlakatimizning har bir fuqarosiga daxl qiladi, tamaki va nikotin mahsulotlarini iste'mol qilishdan saqlash, aholi o'rtasida tamaki mahsulotlari iste'mol qilinishi darajasini kamaytirish, yuqumli bo'lmagan kasalliklardan kasallanish va bevaqt o'limni kamaytirish, millat genofondini himoya qilish imkonini beradi.

Tadbir ishtirokchilariga quyidagi mavzularda ma'lumotlar taqdim etildi:

— O'zbekiston va xorijiy mamlakatlar aholisi o'rtasida tamaki iste'mol qilish bo'yicha epidemiologik vaziyat;

— jamoat joylarida tamaki iste'mol qilish bo'yicha tamakiga qarshi qonunchilik qoidalariga rioya etilishi, tamaki mahsulotlarining ta'lim muassasalari atrofida (kamida 200 metr masofada) sotilishi, tamaki mahsulotlarini sotish joylarida ularning reklamasi, sotuvini rag'batlantirish va homiylik qilish ustidan jamoatchilik monitoringi natijalari;

— O'zbekistonning amaldagi tamakiga qarshi qonunchiligining kuchli va kuchsiz tomonlari;

— tamaki sanoatining an'anaviy tamaki mahsulotlarini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarga javoban strategiyasi va hatti-harakatlari, yangi tamaki va nikotin mahsulotlari (qizdiriladigan tamaki mahsulotlari, elektron sigaretalar, tamakili va nikotinli snyuslar va h.k.)ni iste'mol qilishga qarshi ko'rilayotgan chora-tadbirlar;

— nosvoy aylanmasini qonunchilik bilan tartibga solish;

— O'zbekiston Hukumati tomonidan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmatlar ko'rsatish ob'ektlarida tamaki mahsulotlarini sotish sohasida samarali jamoat nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar.

Taqdim etilgan materiallar asosida, seminar-mashg'ulot ishtirokchilari “Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining tamaki epidemiyasiga qarshi kurashish bo'yicha chora-tadbirlar kompleksi – MPOWER”ni, shuningdek eng yaxshi tajribani e'tiborga olgan holda O'zbekistonda tamaki iste'mol qilishni qisqartirish bo'yicha ko'rilayotgan choralarni muhokama qildilar. Bunda, tamakiga qarshi qonunchilikni takomillashtirish, O'zbekiston Respublikasining “Alkogol` va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste'mol qilishni cheklash to'g'risida”gi yangi Qonunini ilgari surishga alohida e'tibor qaratildi, zero bu ishlarda OAVlari vakillarining o'rni katta ahamiyatga ega.

Seminar-mashg'ulotning amaliy qismida ishtirokchilar ishonchli axborot manbalarini izlash, ishonchli axborot materiallarini tayyorlashning ahamiyati, OAVlarida chop etiladigan yoki namoyish etiladigan materiallarning shakli, OAVlar va ijtimoiy tarmoqlardagi feyklarga qarshi harakat qilish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir OAV vakillarining dolzarb axborot materiallarini tayyorlash va chop etish bo'yicha bilim va ko'nikmalarini oshirish hamda O'zbekistonda tamakiga qarshi samarali kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga ko'maklashadi.

Anjuman so'ngida jurnalistlar, muxbirlar va blogerlar o'rtasida eng yaxshi maqola va ko'rsatuvlar turkumi uchun tanlov e'lon qilindi. Tanlov natijalari 2022 yil noyabr oyida e'lon qilinadi.

Nozimxon MAXMUDOV,

“Ibn Sino” jamoat fondi ijrochi direktori