”Taskin” ayollarga yordam beradi

    313 nafar ayolga huquqiy maslahat berildi, 15 nafar ayolning bankdan kredit olishiga ko'maklashildi

    Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida roʻzgʻorini eplab qoʻyib, boshqalarga yordam qoʻlini choʻzishga hamda muhtojlarning dardiga sherik boʻlishga hamma ham qunt qilavermaydi. Lekin oramizda shunday odamlar borki, oʻzining muammosini hal etishini chetga surib qoʻyib, muhtojlarga tirgak boʻlish, muammosiga yechim izlashga harakat qiladi. Shunday kishilarni xalqimiz jonkuyar deyishi bejiz emas.

    Gulzoda Avazovani shunday fidoiylardan biri desak, mubolagʻa boʻlmaydi. U Toshkent davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ni bitirgan. Maktabdami, yoki institutdami oʻquvchiyu talabalarga dars bersa, hozir topayotgan daromadidan ikki hissa koʻp maosh oladi. Ammo u necha yildirki, boriga qanoat qiladi, odamlarga, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga koʻmaklashishni insoniylik burchim, deb hisoblaydi. Birovning hojatini chiqarishdan zavqlanadi. U anchadan beri Denov tumanida oʻzi tashkil etgan xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish ”Taskin” axborot markaziga rahbarlik qilib kelayapti.

    ”Taskin”markazi nafaqat grant loyihalari yordamida, shuningdek, volontyorlik asosida ham ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam koʻrsatmoqda. Xususan, oilaviy zoʻravonlikdan jabrlangan hamda boquvchisini yoʻqotgan yolgʻiz onalar, migratsiyadan qaytgan va iqtisodiy qiyinchilikka duchor boʻlgan, ish va oʻqish joyida tazyiqqa uchragan, odam savdosi qurbonlari hisoblangan ayollar, shuningdek, sud jarayonida adolatsizlikdan jabr koʻrgan, gender streotiplari taʼsirida taqdiriga tan bergan, oilasida obroʻga ega boʻlmagan, joniga qasd qilish darajasiga yetgan jabr diyda xotin-qizlar hamda jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan ayollar markaz jonkuyarlari yordamidan foydalanmoqda.

    Dalillarga murojaat qilsak, markaz faoliyati yanada yorqin namoyon boʻladi. Markaz faoliyatini boshlaganidan buyon 313 nafar ayolga huquqiy maslahat berildi, 15 nafar ayolning bankdan kredit olishiga koʻmaklashilib, tadbirkorlikka yoʻnaltirildi, ayollarning oʻz joniga qasd qilishi keskin kamaydi, bir necha xotin-qizning fuqarolik pasporti hamda farzandlariga tugʻilganlik guvohnomalari olishiga yordam berildi, oilaviy zoʻravonlikka uchrab uyidan badargʻa qilingan besh nafar ayolning uy-joyga egalik qilish huquqi tiklandi, 6 nafar ayolga turmushidan ajrashgan eridan farzandlari olib berildi.

    Denov tumanining ”Yangiariq” mahallasida yashovchi Nargiza Ergasheva oilaviy zoʻravonlik va tazyiqqa uchragan ayollardan biri. Turmush oʻrtogʻi bilan 6 yil umrguzaronlik qilishdi. Ikki nafar farzandli boʻlishdi. Er esa spirtli ichimlikka roʻju qoʻygan, hech yerda ishlamas, roʻzgʻor tashvishlarini unutgan, oʻz nafsining quli edi. Boz ustiga har xil bahonalarni roʻkach qilib Nargizani rosa doʻpposlayverardi. Oilada shunday nosogʻlom vaziyat yuzaga kelgan ediki, begonalar tugul, qoʻni-qoʻshnilar bilan ham uning muloqot qilishi taʼqiqlangandi. Ammo Nargiza – Oʻzim otasiz oʻsganman, farzandlarimni ham otasiz qilmayin, erim bir kun insofga kelib qolar, – deb hamma azoblarga chidadi, tishini tishiga qoʻyib yashadi. Baribir hayotlari iziga tushmadi. Yigʻlab-yigʻlab ona uyiga qaytdi. Onasining tor qorniga siqqan Nargiza ikki farzandi bilan katta hovlisiga sigʻmadi. Bir muddat Qiziriq tumanida yashovchi opasinikiga, soʻng Uzun tumanidagi Bobotogʻ massivida yashovchi xolasinikida yashadi. Oxiri Denovga qaytib, birov qurgan, hatto eshik va deraza romlari ham oʻrnatilmagan, hech qanday sharoiti yoʻq binoda farzandlari bilan turib turdi. Yordam soʻrab Denov tumanidagi bir necha tashkilot eshigini qoqdi. Afsuski joʻyali natija boʻlmadi. Soʻnggi ilinj deb ”Taskin” markaziga murojaat qildi. Gulzoda Avazova va uning huquqshunos sheriklari koʻmagida 2 nafar norasida goʻdagi bilan koʻchaga qolgan Nargizaga ”Oxtom” mahallasidan uy qurib olishi uchun 2 sotix yer ajratildi. Yosh bolalarini ochiq-sochiq binoda yolgʻiz qoldirib, kunlik ish izlaydigan Nargiza topadigan 50-60 ming soʻmiga roʻzgʻor tebratsinmi, yoki uy qursinmi? Yana mazkur markaz fidoiylari Nargizaga yordamga kelishdi. Denovda saxovatli insonlar koʻp ekan. ”Taskin” markazi faollari aralashuvi bilan boshpanasiz qolgan yosh juvonga ”Mehr-2021” NNT homiyligida uch xonali uy qurib berildi. Bundan tashqari, uning 5-6 yoshga kirib qolgan oʻgʻil-qiziga tuman FXDYO boʻlimi homiyligida guvohnomalar ham rasmiylashtirildi.

    Oilalarning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash faqat ota-onalarning burchi, masʼuliyati boʻlibgina qolmay, balki keng jamoatchilikning, yaʼni davlat va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining ham vazifasidir. Sogʻlom oilalarning shakllanishi hamda farzandlarning kamolida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻrni muhim ahamiyatga ega. Biroq, tumanning ”Qoraxon” mahallasida yashovchi Munira Yakubova turmush qurganiga 14 yil boʻlgan boʻlsa, shuning 10 yilini ota-onasi hovlisida yashashga majbur boʻladi. Sababi – qaynonasi oʻgʻli va keliniga har tomonlama tazyiq oʻtkazaverganidan keyin Munira Yakubovaning ota-onasi qizining oilasi buzilib ketishini oʻylab, qizi va kuyoviga hovlisining etagidan yer ajratib, uy qurib beradi. Bu orada ular uch nafar farzandli boʻlishadi. 2018-yil esa baxtsiz hodisa sabab Muniraning turmush oʻrtogʻi uzoq vaqt toʻshakka mixlanib, imkoniyati cheklanib qoladi. Oʻn yildan soʻng yosh kelinlik davrida Muniraga kun bermagan erining onasi yana ularning hayotiga aralashib, qurilgan uyni toʻshakda yotib qolgan oʻgʻli nomiga rasmiylashtirishni talab qilaverib, har kuni yoshlarning tinchini buzaveradi. Oilaviy nizolardan toliqqan va uch nafar farzandi bilan koʻchada qolishini oʻylagan Munira Yakubova mahalla faollari hamda Denov tumani kadastr tashkiloti maʼmurlariga murojaat qiladi. Negadir kadastr xizmati tashkiloti xodimlari – uy-joy erkak kishining nomiga rasmiylashtirilishi kerak, ayolga mumkin emas –, degan vajni roʻkach qilaveradilar. Bu holat qaynonaning oloviga solyarka purkagan boʻlsa, Munirani oʻyga toldiradi. Oilaning yaxshi-yomonini koʻchaga chiqarmaslikka odatlangan Munira noiloj ”Taskin” markazi faollariga murojaat qilishga majbur boʻladi. Markaz rahbari va huquqshunoslari aralashuvlaridan keyin Muniraning yaqinlari tomonidan qurilgan uy uning nomiga rasmiylashtiriladi. Shu tarzda bir oila mojarosi barham topadi.
    – Faoliyatim davomida koʻp bor oilaviy zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga duch kelaman. Bu holatlarning sababi menimcha bolalikdan gendir tarbiyaga befarqligimizdan, – deydi Gulzoda Avazova. – Masalan, qiz bolalarga odobli, iboli boʻlishini, har qanday qiyinchilikka sabr qilishni, oʻzgalarga gap qaytarmaslikni, hech kimga shikoyat qilmaslikni oʻrgatsak, oʻgʻil bolalarga ”sen kuchlisan, hech kimga haqingni yedirma, sening aytganing aytgan, deganing degan”, deb ularni tajovuzkor qilib tarbiyalayapmiz, shekilli. Erkak va ayol teng huquqli ekanligi hamda jamiyatda ikki jins vakillari majburiyatlari yoshlikdan singdirib borilsa, kelajakda oilaviy nizolar kamayardi. Shuningdek, erkaklarning xotinlarini mensimaslik, urish-soʻkinish, biror korxonada ishlashini taʼqiqlash, ayolning huquqini poymol qilishning oldi olinardi. Buning uchun oilalarda avvalo ayollarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning ish bilan taʼminlash zarur.

    Shuni alohida qayd etish joizki, ”Taskin” markazi qator ijtimoiy loyihalar ustida ish olib borib, ajratilgan grant mablagʻlarini ayollarning bandligi va ularga kasb oʻrgatishga sarflanayapti. 2018-2019-yillarda markaz faollari Oʻzbekiston respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining ”Ayollar va bolalaring huquqlari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularni ijtimoiy-huquqiy va sotsial-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashda davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish» mavzusidagi loyihani muvaffaqqiyatli amalga oshirdi. 2020-2021-yillarda jamoat fondining ”Ayollar tadbirkorligi: muammo va yechim” mavzusidagi granti qoʻlga kiritildi. Bu loyihaga Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining “Raqamli iqtisodiyot” kafedrasi professor-oʻqituvchilari hamkorlikka jalb qilinib, togʻli hududlardagi 7 ta mahallada yashayotgan ayollar oʻrtasida ”Muvaffaqqiyatli muloqot” treninglari oʻtkazildi. Bu jarayonda ayollarning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirish hamda biznes reja tuzish yuzasidan bilim berishga erishildi. Soʻngra hamkor tashkilotlar koʻmagida bir necha bor ”Tadbirkorlik muammo va yechim” mavzusidagi davra suhbatlari tashkil etildi. Ushbu loyiha jarayonida Denov tumanida faoliyat yuritayotgan “Orzigul Hidoyatova” fermer xoʻjaligi rahbari O.Hidoyatovaga nisbatan tuman hokimligining qonunga zid qarori bekor qilindi va unga bogʻdorchilikni rivojlantirishi uchun yer ajratilib berildi.

    Aytish kerakki, ”Taskin” markazi ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga hamisha yordamga tayyor. Yangi-yangi loyihalar ustida bosh qotiradigan Gulzoda Avazova joriy yil may oyida USAID donor tashkilotining 17 ming AQSH dollar miqdoridagi grant mablagʻini yutdi. Bu mablagʻ markaz hisob raqamiga kelib tushsa, faoliyat uchun zarur kompyuter va boshqa jihozlar olish, asosiysi markazda fidoiylarcha mehnat qilayotganlarni ragʻbatlantirish hamda volontyorlarni aniq va toʻliq vazifalari boʻyicha oʻqitish ishlari amalga oshiriladi. ”Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritilgan xotin-qizlarni tikuvchilikka oʻqitish va oʻrgatish, tayyorlangan kiyim-kechaklar sotuvidan tushadigan daromaddan ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga koʻmak beriladi.

    Markazga murojaat qilganlar orasida oilaviy mojarolar va kelishmovchiliklar, huquqiy hamda ruhiy yordamga muhtojlar juda koʻp. Ularga Zuhra Safarova, Sharofat Illiyeva, Mehriniso Yusupova kabi huquqshunoslar bepul huquqiy xizmat koʻrsatayapti. Markaz rahbari Gulzoda Avazova Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Kengashi aʼzosi sifatida Denov tumanidagi ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va koʻmaklashishga amaliy ishlar qilayotgan fidoiy ayol. Bu xizmatlari uchun yaqinda ”Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Markaz Oliy Majlis Senati kengashining 2021-yil 22-apreldagi qaroriga asosan tashkil qilingan ”Ijtimoiy tashabbus” respublika koʻrik-tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichida ”Eng yaxshi tashabbuskor nodavlat notijorat tashkiloti” nominatsiyasi gʻolibi boʻldi.

    – Dastlab faoliyatimizni boshlaganimizda NNTlarga ikkinchi darajaliday munosabatda boʻlguvchilar, ishimizga toʻsqinlik qiluvchilar juda koʻp edi, – deydi Gulzoda Avazova. – Bugun mamlakatimizda jamoat tashkilotlarining roli tobora ortib borayapti va ularga beqiyos imkoniyatlar yaratilmoqda. Biz faoliyatimizni Prezidentimizning 2021-yil 3-martdagi ”Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tashkil etmoqdamiz. Toʻsiqlar yoʻq, istalgan grantlarga egalik qilayapmiz.

    Usmonali NORMATOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri