Temir yo'l transporti xodimlari kuni munosabati bilan tadbir bo'lib o'tdi

    Dolzarb 2 Avgust 2024 271

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017 yildan buyon avgust oyining birinchi yakshanbasi Temir yo'l transporti xodimlari kuni sifatida nishonlanib kelmoqda.

    Shu munosabat bilan bugun tashkil etilgan tantanali tadbirda davlatimiz rahbarining soha vakillariga tabrigini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o'qib eshittirdi.

    Qutlovda temir yo'l sohasidagi islohotlarning samaralari alohida qayd etildi. Jumladan, joriy yilda Qoraqalpog'istonni Xorazm viloyati bilan bog'laydigan yangi temir yo'l hamda Amudaryo orqali muhtasham ko'prik foydalanishga topshirildi. Temir yo'llarni elektrlashtirish, yuqori tezlikda harakatlanadigan poezdlarni ko'paytirish ishlari jadal davom ettirilmoqda.

    Mamlakatimizning xalqaro transport va tranzit salohiyatini yuksaltirish borasida ham yangi ufqlar ochilmoqda – strategik ahamiyatga ega Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston temir yo'lini qurish bo'yicha amaliy ishlar boshlandi.

    Prezidentimiz temir yo'l tizimi oldida turgan o'ta dolzarb vazifalarni hal qilishda soha xodimlari yanada ulkan kuch-g'ayrat bilan mehnat qilib, mamlakatimizning temir yo'l transporti sohasidagi salohiyatini oshirishga munosib hissa qo'shishlariga ishonch bildirdi va ularga yangi yutuqlar tiladi.