Tez tibbiy yordam tizimini zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur etish qiyin. Shundan kelib chiqib, yurtimizda hozir bu sohani innovatsion usullarda rivojlantirishga kirishilgan. Muhimi, yangilanishlar dastlabki natijalarini bera boshladi.
— Aholiga sifatli tez tibbiy yordam koʻrsatish “103” xizmati xodimlaridan katta masʼuliyat talab etadi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev. — Hozirgi kunda bordi-yu yurtdoshlarimizdan tizim shifokor va hamshiralari oʻz xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashayotgani haqida eʼtirozlar kelib tushganda yangi — “Tibbiy yoʻnalish nazorati” guruhi orqali muammoni bartaraf etish choralari koʻriladi.
Xususan, endilikda ushbu zamonaviy tizim tomonidan tez tibbiy yordam koʻchma brigadalarining xizmat vazifalarini oʻz vaqtida va toʻlaqonli bajarishi nazorat qilib boriladi.
Shuningdek, yangi — “Call back” dasturi orqali tibbiy brigadalar va Call-markaz operatorlari faoliyatini baholab borish mexanizmi ham yoʻlga qoʻyildi. Eʼtiborlisi, joriy yil avgust oyining soʻnggi oʻn kunligida Toshkent shahar “103” xizmatiga kelib tushgan 39 ming 492 ta murojaatdan 30 ming 595 tasi tahlil qilinib, fuqarolar tomonidan 24 ming 729 ta chaqiriq sifati aʼlo, 4 ming 325 tasi yaxshi, 14 tasi esa qoniqarsiz, deya baholandi. 1527 ta holatda esa fuqarolar tomonidan qoʻngʻiroqqa javob berilmagan.
Qolaversa, “Free PBX” dasturi yordamida barcha tez tibbiy yordam xizmatiga kiruvchi va chiquvchi qoʻngʻiroqlar audioyozuvi nazorat qilinyapti. Bu orqali qaysi operator faol, qaysi biri sust ishlayotgani hamda oʻz vaqtida javob berilmagan barcha qoʻngʻiroqlar monitoring qilib borilmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati