Ushbu nufuzli tadbir oldidan vakillarimiz ilk uchrashuvni Sankt-Peterburg shahri gubernatori o‘rinbosari Oleg Ergashev bilan o‘tkazdi.
Muloqotda A. Inoyatov sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalari keyingi yillarda izchil rivojlanayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining munosib hissasi borligini alohida ta’kidladi.
Jumladan, o‘tgan yil 6-9-noyabr kunlari Sankt-Peterburg gubernatori A.Beglovning O‘zbekistonga safari davomida erishilgan kelishuvlar ham bugun amaliyotda ijobiy natijalarini bermoqda.
Masalan, hozir yurtimizda 22 ta xorijiy universitet bilan hamkorlikda tibbiyot kadrlari tayyorlanmoqda. Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti — shulardan biri.
Xususan, mazkur universitet va Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti o‘rtasida erishilgan kelishuvga muvofiq, xalqaro qo‘shma ta’lim dasturi asosida klinik ordinatura tashkil etilgan. Kelgusida Orolbo‘yi mintaqasida ikki oliy o‘quv yurtining qo‘shma klinikasini ochish rejalashtirilyapti.
Bundan tashqari, Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti bilan O‘zbekiston Respublikasi ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik aloqalari kengaymoqda.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti o‘rtasidagi kelishuv asosida 2018 yildan qo‘shma ta’lim dasturi asosida talabalar o‘qitilayotgani ham ijobiy natija. Shu kunlarda birgina Sankt-Peterburgdagi mazkur nufuzli oliy o‘quv yurtida 300 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.
Shuningdek, muloqotda O‘zbekiston Respublikasi ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Sankt-Peterburg shahridagi Rossiya Federasiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi N.Petrov nomidagi onkologiya milliy tadqiqot markazi o‘rtasida klinik ordinatura bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda tibbiyot sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash hamda tor soha mutaxassislarini tayyorlash istiqbollari muhokama etildi.