Shukrki, yilning to'rt fasli o'z vaqtida keladigan, quyosh nurlarini ayamay taratadigan, ona er totli ne'matlari bilan beminnat siylaydigan jannatmonand yurtda yashaymiz. Unumdor tuproqlarimizda pishib yetilgan meva-sabzavotlar qishin-yozin dasturxonlarimizni to'ldirib, dehqonlarimiz xirmoniga baraka beradi.

Bugun bozorlarimizga yetkazib berilayotgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda nafaqat dehqon va fermerlar, balki aholining ham bevosita hissasi ortib bormoqda. So'nggi yillarda Prezidentimizning aholi tomorqalaridan samarali foydalanishiga oid bir qator qarorlari asnosida mazkur yo'nalishga keng imtiyozlar ajratilib, odamlarga zarur ko'maklar berib kelinmoqda. Natijada o'z tomorqasida ekin-tekin ekib, undan foyda olish ko'pchilik yurtdoshlarimizning asosiy daromad manbaiga aylandi.

Jumladan, 2020 yilning bahor oylarida 4,5 milliondan ziyod aholi tomorqalarida 306,1 ming gektar ertaki ekinlar, 228,7 ming gektar takroriy (o'rtaki) ekinlar, 162,6 ming gektar maydonga to'qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilishi ta'minlanib, jami 10,1 million tonna qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirildi.

Tomorqadan yuqori hosil va daromad olayotgan mirishkor dehqonlarimizning soni yildan-yilga oshib borishida tomorqa bilan ishlaydigan, aholiga moddiy resurslarni yetkazib beradigan, moliyalashtiradigan va ekin ekishni nazorat qiladigan tizim yaratilib, hududlarda “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyatining yo'lga qo'yilgani ham muhim o'rin tutmoqda. Bunday korxonalar faoliyatining ilk kunidanoq aholiga ko'makchi bo'lib, odamlarning tomorqalarga ekin ekib, olingan hosilni xaridorga etkazguniga qadar ularga ko'makdosh bo'lib kelmoqda. Joylarda aholi tomorqa erlarini shudgorlash, zarur urug'lik va ko'chat etkazib berish, xonadonlarga ixcham issiqxona qurib berish, echki, qo'y, parranda, asalari uyalari, quyon yetkazib berish kabi xizmatlarni “Tomorqa xizmati” korxonalari orqali tashkil etish yo'lga qo'yildi.

 O'z navbatida, xalqqa xizmat qilib, ularning mushkulini oson qilayotgan bunday korxonalar O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi tomonidan qo'llab-quvvatlab kelinmoqda. O'tgan davr mobaynida Kengash huzuridagi Jamg'arma mablag'lari, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobidan ularning moddiy-texnik bazasi mustaxkamlandi. Natijada ko'pgina “Tomorqa xizmati” MCHJlarning imkoniyatlari kengayib, 81 ta shunday tuzilma aholi tomorqalarida etishtirilgan sabzavotlarni ichki bozorlarimizdan tashqari, xorijga eksport qilishga erishdi. Xususan, Samarqand viloyatidagi “Chelak tomorqa xizmati” MCHJ 2 926 AQSH dollar miqdorida ko'kat, piyoz, dukkakli va moyli ekinlar, “Zangiota tomorqa xizmati eksport” MCHJ 2 617 AQSH dollar miqdorida piyoz, qalampir, sabzavot  mahsulotlarini, “Qashqadaryo viloyati “Ko'hna voha tomorqa xizmati” MCHJ esa 1 045 AQSH dollar miqdorida sabzavot, quritilgan mevalar, poliz mahsulotlarini Afg'oniston, eron, Qozog'iston, Rossiya, Latviya kabi 10 dan ortiq davlatlarga eksport qilishni yo'lga qo'ydi.

Maqsad birgalikda o'sish!

Bugungi zamonaviy qishloq xo'jaligida sifatli va eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishning samarali usullaridan biri klaster tashkil etish hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan bu tizim o'zini to'la oqlayapti, desak mubolag'a bo'lmaydi. Shu jihatdan, tomorqalarda etishtirilgan mahsulotlarni saqlash, do'konlarga etkazib berish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash sexlarini tashkil etish jarayonlarini umumlashtiradigan “Tomorqa xizmati” klasterlari faoliyatini yo'lga qo'yishni davrning o'zi talab qilmoqda.

Zabonimizga ingliz tilidan kirib kelgan “klaster” atamasi so'zma-so'z tarjima qilinganda “birgalikda o'sish”, degan ma'noni anglatadi. Mazkur tizimga “yagona zanjirda aylanadigan taraqqiyot” ta'rifi ham beriladi. 20-asrning oxirlarida klasterlarga raqobatbardoshlikni oshirishning samarali vositasi sifatida qiziqish ortdi. Vaqt o'tishi bilan klaster usulida ishlarni tashkil etish korxonalar o'rtasida raqobat muhitini yaratib, aholining turmush darajasi o'sishiga xizmat qila boshladi.

Mamlakatimizda o'tgan yildan boshlab o'zida 12 ta faoliyat yo'nalishini mujassamlashtirgan “Tomorqa xizmati” klasterlari faoliyatini yo'lga qo'yish tajribasi amaliyotga joriy etildi. Prezidentimizning 2020 yil 30 iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan respublika bo'yicha 20 ta “Tomorqa xizmati” MCHJ negizida klaster korxonalari tashkil etilib, ularga O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi huzuridagi Jamg'armadan 48 milliard so'm mablag' ajratildi.

Mazkur klasterlar faoliyatining yo'lga qo'yilishi fuqarolarga qator qulayliklar yaratmoqda. Korxona-klasterlar har biri 12-15 ming aholi xonadonlari bilan shartnoma tuzgan holda, dehqon xo'jaliklari va aholi tomorqalarida yetishtirilgan maxsulotlarning o'z iste'molidan ortgan qismini sotishga ko'maklashish, saqlash, qayta ishlab, ichki bozorlarda sotish hamda eksportga chiqarish bo'yicha fuqarolarga yaqindan ko'mak bermoqda. Bunday korxonalar aholi davromadlarini oshirish bilan birga, odamlarni ish bilan ta'minlashga hissa qo'shmoqda. Xususan, har bir klasterda o'rta hisobda 40-45 ta doimiy, 350-400 ta mavsumiy ish o'rinlari yaratiladi.

Ayni paytda ijobiy natija berayotgan “Tomorqa xizmati” klasterlarini tashkil etish tajribasini 2021 yilda ham faol davom ettirish ko'zda tutilgan. Xususan, Amudaryo, Bo'zatov, Baliqchi, Qo'rg'ontepa, SHaxrisabz, G'uzor, Oxangaron, Bo'ka kabi respublikamizdagi meva-sabzavot ko'p yetishtiriladigan 32 ta tumanda klasterlar faoliyati yo'lga qo'yiladi. Bu boradagi ishlarni amalga oshirish uchun Kengash huzuridagi Jamg'arma hisobidan 58 millimrd so'm mablag' ajratish belgilangan.

Mazkur tizimli harakatlar dehqon xo'jaliklari va aholi tomorqalarini klasterlarga biriktirib, ular o'rtasidagi o'zaro iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarni barqarorlashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirish hajmini oshirish, aholining qo'shimcha daromad olish imkoniyatlarini kengaytirish, muhimi, xalqimiz dasturxoniga sifatli va arzon qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetkazib berishga xizmat qiladi.

Faxriddin SUYUNOV,

O'zbekiston fermer, dehqon

xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi bo'lim boshlig'i