Bu haqda Oʻzbekiston boks federatsiyasining rasmiy kanalida maʼlum qilindi.
"Ishonamanki, boks boʻyicha erkaklar oʻrtasidagi jahon chempionati yuqori darajada oʻtkaziladi va tarixdagi eng zoʻrlaridan biri boʻladi. Men Oʻzbekistonda boʻlganman va u yerda musobaqalar qanday tashkil etilishini koʻrganman. U yerdagi professionalizim va boksga boʻlgan mehr koʻp mamlakatlar uchun namuna boʻladi. Toshkentda yangi chempionlarni koʻrishni sabrsizlik bilan kutmoqdaman.
Tarixda ilk bora bizda rekord miqdordagi mukofot jamgʻarmasi boʻladi - 5,2 million AQSH dollari. Birinchi oʻrin uchun 200 ming AQSH dollari, ikkinchi oʻringa 100 000 AQSH dollari, bronza medali sohiblariga esa 50 ming dollardan beriladi", - dedi IBA prezidenti Umar Kremlyov.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov Toshkent “jahon boksi poytaxti” boʻlishidan mamnun ekanligini taʼkidladi.
“Bu tasodifan boʻlib qolgani yoʻq, Oʻzbekistonda uzoq yillardan beri saqlanib kelinayotgan boy boks anʼanalari bunga sababdir. Oʻzbekiston boks oilasi nomidan shuni aytishim mumkinki, mamlakatimiz boks boʻyicha erkaklar oʻrtasidagi jahon chempionatini yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha ishni qiladi”, - dedi Saken Polatov.