Maʼlum qilinishicha, “Toshkent-Markaziy” temir yoʻl vokzali hududida avtomobillarning vokzalning kirish qismiga qadar kirib-chiqishi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, vokzal atrofidagi temir panjarali toʻsiqlar ham olib tashlandi.
Vokzalga kirish hududi obodonlashtirilib, avtomobillar uchun yoʻlaklar qilinib, sifatli asfalt yotqizildi, yoʻlovchi va fuqarolar uchun yoʻlaklar tayyorlandi.
Ayni paytda yangi qurilgan vokzal oldi yoʻlagi sinov tariqasida ishga tushildi.
Shuningdek, yoʻlakning kirish va chiqish qismlarida nazorat shlagbaumlari va video kuzatuv kameralari hamda yoʻl belgilari oʻrnatilib, yoʻlovchilarning kirib-chiqish xavfsizligi toʻliq taʼminlandi.
Endilikda vokzalga shaxsiy avtomashinalar, taksilar hamda turistlarga xizmat koʻrsatayotgan turli transport vositalari vokzalning kirish eshigiga qadar avtomobillarda kelib, yuk va yoʻlovchilarini tushirib chiqib ketishlari mumkin.
Bunda avtomobil vokzal oldi yoʻlagiga kelib toʻxtaydi va yuk va yoʻlovchilarini tushiradi yoki qabul qilib oladi. Agarda ushbu jarayon (avtomobil kelib toʻxtagandan yurib ketgunga qadar)
— 5 daqiqani tashkil etsa bepul;
— 5 daqiqadan 10 daqiqagacha boʻlgan vaqt oraligʻida belgilangan toʻlov asosida;
— 10 daqiqadan oshib ketgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi “Yoʻl harakati qoidalari”ning tegishli bandlariga muvofiq jarima qoʻllanilishiga sabab boʻladi.
Jarimalar inson omili ishtirokisiz qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus kameralar orqali rasmiylashtiriladi.
Eʼtiborlisi ayni paytda respublikamizning barcha temir temir yoʻl vokzallariga yoʻlovchi va fuqarolarni kirib-chiqishini yanada qulaylashtirish uchun barcha temir yoʻl vokzallarida oʻrnatilgan panjarali toʻsiqlar olib tashlandi.
Vokzallar hududiga kirish va chiqishlar bosqichma-bosqich tarzda “Toshkent-markaziy” temir yoʻl vokzalidek boʻlishi rejalashtirilib, yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.








